Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni kavlab olish uchun shaxtaga tushgan fuqarolar halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat 9-yanvar kuni soat 20:00 atrofida tumanning “Qarnabota” MFY hududida sodir bo‘lgan.
Guliston mahallasida yashovchi 5 kishi — J.S., O‘.E., S.N., Yu.A. va E.B. “Qoraqo‘ton” tog‘ koniga qarashli, mahalliy til bilan “Nayman cho‘qqi” shaxtasiga tushgan. So‘ngra generator va boshqa uskunalar yordamida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni kovlab olayotgan vaqtida generatordan chiqqan is gazidan zaharlangan.
Oqibatda J.S. va O‘.E. shaxta ichi pastki qismiga yiqilib, shaxta devori toshlariga urilgan va voqea joyida vafot etgan. Qolgan 3 nafar fuqaro is gazidan zaharlanish bilan 10-yanvar kuni soat 03:30 atrofida tuman markaziy shifoxonasiga keltirilgan.
Kun.uz yozishicha, fuqarolar fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonidan noqonuniy ravishda oltin rudasini qazib olish bilan shug‘ullangan. Vafot etganlardan biri 30 yoshda, yana bir 20 yoshda bo‘lgan.
Hozirda marhumlarning o‘limi yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.