Mart oyida 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan tadbirkor Salim Abduvaliyev sog‘lig‘i bilan bog‘liq holatiga ko‘ra koloniyadan ozod qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz, “Daryo” va boshqa OAV. Qayd etilishicha, 74 yoshli “Salimboy” uzoq vaqtdan beri kasal.

“Gazeta.uz” O‘zbekiston IIV va Bosh prokuraturasidan tasdiq ololmadi. Tahririyat Oliy sudga ham so‘rov yubordi.

Salim Abduvaliyev hibsga olingani haqida 2023-yil dekabr oyida xabar berilgan edi. Bu butun O‘zbekiston bo‘ylab “ko‘cha to‘dalari” va jinoiy guruhlar a’zolarini aniqlash va hibsga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar doirasida sodir bo‘lgan.

2024-yil mart oyida sud tadbirkorni Jinoyat kodeksining 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

O‘tgan yilning avgust oyida Qirg‘iziston Salim Abduvaliyevni Interpol orqali qidiruvga bergandi.

75 yoshli tadbirkor 2017-yil yanvar oyidan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va mamlakat sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi lavozimlarida ishlab kelgan. Abduvaliyev sport faoliyatiga qo‘shgan hissasi uchun 2015-yilda “Do‘stlik” ordeni, 2021-yilda esa “Xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi” unvoni bilan taqdirlangan.