Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni transport va logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Yig‘ilishda yo‘nalishsiz taksi xizmatlari masalasi ham muhokama qilindi. Ikki yil oldin jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik qilishiga vaqtinchalik ruxsat berilgan edi.
Buning natijasida taksichilar soni 6 barobar oshib, 457 mingga yetgan. Shu bois endi bu tartib doimiy bo‘ladi.
Taksilarga mijoz topishda qulay axborot xizmatlari bozori shakllandi. Hozirda 151 ta agregator kompaniyalar ish yuritayapti va bu yana o‘sib borayapti, deyiladi xabarda.
Shu bois agregatorlar faoliyatini tartibga solish, ularning davlat, haydovchi va yo‘lovchilar oldidagi majburiyatini aniq belgilash vazifasi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qarori bilan mazkur tartib 2022-yil 1-sentabrdan 2024-yil oxirigacha etib belgilangandi.
Hujjatga muvofiq, 4 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega transportlarda yo‘lovchi tashish o‘zini o‘zi band qilish deb qaraladi va ushbu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi. Litsenziya varaqasi berishda avtomobilning ekspluatatsiya davriga qo‘yilgan talab bekor qilinadi.
O‘sha vaqtda Toshkent shahar transport boshqarmasi o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar litsenziya varaqasini qayerdan va qay tartibda olishlari borasida ma’lumot bergandi.