Vazirlar Mahkamasining 30-dekabr kungi qarori bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanishning samarali tizimini joriy etish maqsadida qabul qilingan.
Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:
- tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, suv resurslarini hisobga olgan holda almashlab ekishni tashkil etish orqali qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish;
- tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, suv resurslarini hisobga olgan holda yaylov aylanmasini tashkil etish orqali yaylovlardan oqilona foydalanish;
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanish holatini baholash va uning natijalari bo‘yicha xulosalar tuzish.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanish monitoringi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning yer tuzish va yerdan foydalanish bo‘yicha hududiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-yanvardagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda monitoring ishlarini amalga oshirish, yerlarni muhofaza qilish va yer tuzish faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Almashlab ekish — ma’lum bir vaqt davomida yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ilmiy asoslangan holda almashlab ekish.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanish quyidagi mezonlar bo‘yicha baholanadi:
- tuproq unumdorligini saqlash va oshirish (tuproqning yuqori qatlamida umumiy gumus, harakatchan fosfor va almashinuvchi kaliyning optimal darajasini ta’minlash);
- asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini belgilangan darajada saqlash va oshirish;
- suvdan foydalanish manbalarini hisobga olgan holda almashlab ekish;
- yaylov aylanmasini hisobga olgan holda yaylovlardan foydalanish;
- tuproq unumdorligini saqlash va oshirish hamda yerlarni melioratsiya qilish;
- chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun yaylovlardan foydalanishning optimal me’yorlarini ta’minlash va boshqalar.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda “E-ijara” axborot tizimida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanish holatini baholash va uning natijasi bo‘yicha xulosani shakllantirishning elektron tizimini yaratadi.
Yerdan foydalanuvchilar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishda umumiy foydalanish uchun chop etilgan ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy asoslangan tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan almashlab ekish rejasiga muvofiq almashlab ekishga rioya qiladi.
Yerdan foydalanuvchilar yaylovlardan foydalanishda eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan foydalanish me’yorining 20 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi qishloq xo‘jaligi hayvonlarining mavjudligini va uning belgilangan me’yordan oshib ketmasligini ta’minlaydi.
Xo‘jalikning ixtisoslashuvi va yerni ijaraga olish shartnomasiga muvofiq yetishtiriladigan ekinlarning rotatsiyasi bo‘yicha tanlangan almashlab ekish tizimiga bog‘liq holda qishloq xo‘jaligi ekinlarining to‘liq vegetatsiyaga muvofiq davrni o‘z ichiga olgan almashlab ekish rejasi yerdan foydalanuvchilar tomonidan ishlab chiqiladi.
Shuningdek, hujjat bilan yaylovlardan oqilona foydalanish tartibi ham belgilandi. Unga ko‘ra, yerdan foydalanuvchilar yaylovlardan foydalanishda eng ko‘p yo‘l ko‘yiladigan foydalanish normasidan oshmagan miqdorda qishloq xo‘jaligi hayvonlari boqilishini ta’minlaydi.
Eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan foydalanish normasini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi hayvonlari bosh soni va yerdan foydalanuvchilar foydalanishida bo‘lgan yaylovlarning oziqa mahsuldorligi to‘g‘risidagi axborotlardan foydalaniladi.
Yerdan foydalanuvchilarga tegishli bo‘lgan qishloq hayvonlarining bosh soni miqdorini hisoblash uchun qishloq xo‘jaligi hayvonlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha ma’lumotlar bazasidan olingan ma’lumotlar hamda yerlarni masofadan zondlash o‘tkazilgan vaqtdagi axborotlar qabul qilinadi.