Janubiy Koreya Transport vazirligi samolyot qo‘nishi uchun mo‘ljallangan radiomayoqli konstruksiyalarni mamlakatning barcha aeroportlarida almashtirish rejalarini e’lon qildi. Bu Muan aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan Jeju Air kompaniyasining Boeing 737−800 samolyoti qulaganidan keyin sodir bo‘lmoqda, deb yozdi Reuters.

Yettita aeroportda, jumladan, Muanda beton yoki po‘latdan qurilgan ko‘tarmalar yoxud poydevorlarni almashtirish zarurati mavjud, deyiladi vazirlik bayonotida. Konstruksiyalarni almashtirish 2025-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilmoqda.

Aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar beton poydevorga o‘rnatilgan radiomayoqli tuproq ko‘tarmasining joylashtirilishini keskin tanqid qildi va bu, ehtimol, bortdagi 181 kishidan 179 nafari vafot etgan qulashda qurbonlar sonini ko‘paytirgani haqida fikr bildirdi, deb ta’kidlaydi Reuters. Konstruksiya 2023-yilda Muan aeroportida qurilgan.

Hukumat, shuningdek, Boeing 737−800 samolyotida uchgan oltita aviakompaniyaning xavfsizligini tekshirishni yakunlab, ba’zi operatorlarda qoidabuzarliklarni, jumladan, samolyotdagi nuqsonlarni bartaraf etish yoki yo‘lovchilarni tushirish tartib-qoidalariga rioya qilmaslik holatlarini aniqladi.

Transport vazirligi Muan aeroportining yopilishi 19-yanvarga qadar davom etishini alohida ma’lum qildi.