Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zali va bosh binosi oralig‘ida joylashgan yashil maydonda mushuklar uchun uychalar paydo bo‘ldi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti talabalari va “Mushukkent” loyihasi tomonidan loyihalashtirilgan mushuk uylari binoning tashqi ko‘rinishi va yashil hudud manzarasiga juda mos tushadi, deya qayd etdi kompaniya.

Uychalar yemirilishga chidamli, yonmaydigan va ayni paytda ekologik toza materiallardan yig‘ilgan. Ularda sovuq mavsumda isitish va issiqda shamollatish tizimlari o‘rnatilgan.

mushuk, toshkent aeroporti

“Poytaxt aeroportida doimo mushuklar bo‘lgan. Bizda ular uchun uylar o‘rnatish g‘oyasi anchadan beri bor edi, biroq aeroportda bir necha yillardan buyon olib borilayotgan qurilish ishlari tufayli bunday imkoniyat endigina paydo bo‘ldi. Ularni aeroport faoliyati uchun ham, hayvonlarning o‘zlari uchun ham xavfsiz bo‘lgan joylarga o‘rnatdik”, — deya izoh berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.


Kompaniyaning ta’kidlashicha, mamlakat haqidagi tasavvur aeroportdan boshlanadi va mushuklar uchun uychalar nafaqat bir kompaniya miqyosida, balki butun shahar va mamlakatning munosabati ko‘rsatkichidir.