Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni elektrotexnika sohasidagi natijalar va galdagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, mazkur sohaning sanoatdagi ulushi 3,5 foiz, tovarlar eksportida 10 foizni tashkil etadi. 2024-yili 31 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 1,3 mlrd dollar eksport qilingan. Qolaversa, 516 mln dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 85 ta yangi korxona ishga tushgan.
Taqdimotda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov bu yil hududlarda 4 mlrd dollarlik 290 ta yangi loyihani boshlab, 600 mln dollar investitsiya o‘zlashtirish, misni qayta ishlash darajasini 75 foizga yetkazish rejalarini aytdi.
Endi tadbirkorlarga texnoparklar hududida tayyor bino qurib, elektrotexnika va turdosh soha korxonalariga sotishga ruxsat berish mo‘ljallanmoqda. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarni uch yil muddatga foyda va mol-mulk solig‘idan ozod qilish taklif etilmoqda.
Bu, jumladan, Ohangaron mis klasterida 68 million dollarlik, Qashqadaryo, Farg‘ona va Urganchda 30 million dollarlik yangi loyihalarga imkoniyat ochadi.
Mahsulotlar sotilishi uchun vazirlik va sanoat tarmoqlari kesimida 15 trillion so‘mlik kafolatli bozor ham tashkil qilinmoqda. Ijtimoiy obyektlar uchun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini mahalliy korxonalardan xarid qilish tartibi ishlab chiqilmoqda.
Davlat rahbari bu soha yashil iqtisodiyot uchun, barqaror rivojlanish uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois joylardagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, tadbirkorlarga infratuzilma, moliya va xomashyo jihatidan qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Mutasaddilar bularning evaziga eksportni yiliga 3 mlrd dollarga, ishlab chiqarish hajmini 50 trln so‘mga yetkazish imkoniyati borligini qayd etdi.
Innovatsiyalarni o‘rganib, bozorbop mahsulotlar yaratish, malakali muhandis, texnolog va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston elektrotexnika ishlab chiqaruvchilariga yillik 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar, 2027-yilgacha soliq imtiyozlari, marketing tadqiqotlari xarajatlarining bir qismini qoplab berish, davlat xaridlarida imtiyozlar va yana boshqa ko‘rinishdagi imtiyozlar ham berilgan.
Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish bo‘yicha hukumat komissiyasiga elektrotexnika korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va bu uchun budjetdan mablag‘ olish vakolati taqdim qilingan.