Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni transport va logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, so‘nggi yetti yilda mahalliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash natijasida yuk avtomobillari soni 7 karra oshib, 26 mingga yetgan. Ularning xalqaro tashishdagi ulushi esa 35 foizdan 60 foizga oshgan.

Lekin dunyodagi geosiyosiy vaziyat bu sohada qiyinchilik tug‘dirmoqda. G‘arb yo‘nalishida tashish muddati 2 karra, xarajati esa 1,5 barobargacha oshib ketayapti. Ayrim Yevropa mamlakatlari chegaralaridagi o‘tkazish punktlari yopilgan, boshqalarida uzoq navbatlar yuzaga kelgan.

Shu bois davlat rahbari transport-logistika tizimini izchil rivojlantirish va tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish zarurligini ta’kidladi.

Xususan, xalqaro va mintaqaviy bozorlarga olib chiqadigan muqobil yo‘nalishlar bo‘ylab joylashgan mamlakatlar bilan tranzit yuk tashuvlarni soddalashtirish va erkinlashtirish, chegaralarda undiriladigan yig‘imlarni o‘zaro tenglik asosida kamaytirish yoki bekor qilish choralarini ko‘rish topshirildi.

O‘zbekistonda yuk jo‘natuvchi va tashuvchini o‘zaro bog‘laydigan ekspeditorlik xizmatlari bozori 520 mln dollarga baholanmoqda. Uning 90 foiz ulushini xorijiy kompaniyalar egallaydi.

Bu sohada mahalliy ekspeditorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xalqaro yuk tashishdagi xizmatlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) olinmaydigan bo‘ldi. Natijada mahalliy korxonalar ulushini 45−50 foizga chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari shu kabi choralar orqali xalqaro yuk tashish hajmini 2 karra oshirish, transport xizmatlari eksportini kamida 3 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hududi orqali tranzit tashuvlar hajmini ko‘paytirish ham ko‘zda tutilgan. Jahon bankining logistika bo‘yicha indeksida mamlakat 2016-yildagi 118-o‘rindan 2023-yilda 88-o‘ringa yaxshilandi, 2030-yilga borib esa kamida 55-o‘ringa ko‘tarilish maqsad qilingan.

Mutasaddilarga elektron navbat tizimini keng joriy etib, chegaradan o‘tish vaqtini 20 daqiqagacha qisqartirish, transport vositalarini onlayn kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha yuk oqimlarini jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2025-yildan eksportchilarning transport xarajatlarini davlat budjetidan subsidiyalash amaliyoti bekor qilindi. Ushbu chora JST talablariga javob berish uchun qabul qilindi. Bu maqsadlar uchun 2024-yilda 133,8 mlrd so‘m, 2023-yilda 509,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgandi.