Milliy banklararo protsessing markazi (Humo) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalar paketini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deya xabar bermoqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Qayd etilishicha, paketni sotish bo‘yicha boshlangan ochiq savdo jarayonlarining majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida 6 nafar talabgor ishtirok etish uchun taklif qilingan. Jarayonga Deloitte xalqaro kompaniyasi konsultant bo‘lgan.

Belgilangan muddatlarda konsultantga jamiyatni sotib olish bo‘yicha 3 nafar talabgorlardan Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) kelib tushgan hamda 65 mln dollar miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan Paynet aksiyadorlik jamiyati savdo g‘olibi deb topilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur taklif konsultant tomonidan hisoblangan jamiyatni sotish mumkin bo‘lgan indikativ narxlar oralig‘ida joylashgan hamda xalqaro mustaqil baholovchi KPMG tomonidan baholangan qiymatidan yuqori.

Talabgor kelgusida Humo to‘lov tizimini barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarni, shuningdek, tizim foydalanuvchilarining konfidensial (shaxsiy va bank) ma’lumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgan.

Xaridor haqida

Paynet — O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalar sohasida 18 yildan buyon faoliyat yuritayotgan eng yirik to‘lov operatorlaridan biridir. Mazkur to‘lov tizimi orqali 1500 dan ziyod mahsulot yetkazib beruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilarga to‘lash imkoniyati yaratilgan hamda yiliga 20 milliondan ziyod foydalanuvchilar ushbu xizmatlardan foydalanib kelmoqda. U 2005-yilda Botir Arifjonov tomonidan yaratilgan. Keyinchalik tadbirkor korxonani davlat vakili sifatidagi Xalq bankiga sotib, uning boshqaruvini tark etgan.

2022-yil avgust oyida Davaktiv Uzpaynet`ning 100 foiz ulushini sotuvga qo‘ygandi. Keyingi bir oy ichida potensial xaridorlardan yettita ariza kelib tushdi, biroq takliflarni qabul qilish “qo‘shimcha aniqlashtirishlar” vaji bilan keyinga qoldirildi.

2022-yilning aprelida korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga (KTYADR) ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) balansidagi Paynet to‘lov xizmatining 100 foiz ulush New Industrial Technologies`ga o‘tkazilgan. Kompaniya egasi o‘zgarishi haqida noyabr oyida ma’lumotlar paydo bo‘lganiga qaramay, Davaktiv ulush sotilgani bo‘yicha rasman xabar bermagan.

New Industrial Technologies MCHJ 2019-yil aprel oyida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, 273,56 mlrd so‘m ustav kapitaliga ega. Kompaniyaning 60 foiz ulushi chet el fuqarosi hisoblangan Aleks Liga tegishli (iyun oyida u yagona ta’sischi bo‘lgan). 40 foiz ulush Mustafa Abdurahmonovga tegishli bo‘lib, u ayni vaqtda Asia Alliance Bank`ning majoritar aksiyadori sanalgan Asia Alliance Group`ning ham 77,6 foiz ulushiga egalik qiladi.

Humo haqida

Milliy banklararo protsessing markazi 2018-yil sentabr oyida prezident qarori bilan tashkil etilgan. Hujjatda ta’kidlanganidek, chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizlik darajasini pasaytiradi, to‘lov infratuzilmasini yagona integratsiyalashuviga imkon bermaydi va bitta monopoliya tizimining hukmronligiga olib keladi.

Humo to‘lov tizimi o‘sha paytdagi yagona protsessing markazi — xususiy tuzilma bo‘lgan Uzcard dasturiy ta’minotidagi katta nosozlikdan so‘ng paydo bo‘lgan.

Kompaniyaning ustav kapitali 155,4 mlrd so‘m. Ayni paytda 27 milliondan ortiq Humo kartalari chiqarilgan bo‘lib, 210 mingdan ortiq terminal va 6,4 mingdan ortiq bankomatlar o‘rnatilgan.

Prezidentning 30-noyabrdagi qarori bilan Markaziy bankning bosh axborot markaziga tegishli bo‘lgan Humo to‘lov tizimidagi davlat ulushi to‘liq DABAga o‘tkazilgan. “Gazeta.uz”ga agentligi matbuot xizmati tizimining agentlikka o‘tkazilishi xususiylashtirish bilan bog‘liq emasligini bildirgandi. Markaziy bank balansida banklararo protsessing markazining mavjudligi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin, deyilgandi agentlik xabarida.

Biroq prezidentning 19-apreldagi qarori bilan to‘lov tizimi davlat aksiyalari yoki aksiyalar paketlari ochiq kimoshdi savdosiga qo‘yilishi kerak bo‘lgan 247 ta kompaniya ro‘yxatiga kiritilgan.