Jizzax viloyati Zomin tumanida ilonni tiriklay yegan fuqaro jarimaga tortildi, deya xabar bermoqda viloyat Ekologiya boshqarmasi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda kulvor ilonni tiriklay yegan fuqaro haqida video tarqalgan. Shundan so‘ng boshqarmaning tuman bo‘limi va IIB xodimlari olib borgan o‘rganishda ushbu holat fuqaro Q.H. tomonidan sodir etilgani aniqlangan.

Fuqaro bu harakati bilan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 4, 30, 51, 53-moddalari talablarini buzgan, deyiladi xabarda.

Davlat inspektorlari tomonidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-modda 1-qismi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish, jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa) bilan BHMning 20 baravari (7,5 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llangan.

Qolaversa, 1 125 000 so‘m miqdorida tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.