Los-Anjelesdagi keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 24 kishiga yetdi. Bu haqda Los-Anjeles okrugi sud-tibbiy ekspertiza departamentiga tayanib, LA Times nashri xabar bermoqda. Kamida 16 kishi bedarak yo‘qolgan.

AQShning Kaliforniya shtatidagi Los-Anjeles okrugida 7-yanvar kuni yong‘inlar boshlangan. Olti kun ichida 12 mingdan ortiq bino, jumladan, turar joy binolari, maktablar va cherkovlar vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. Olovni o‘chirish kuchli shamol va quruq ob-havo tufayli murakkab bo‘lib turibdi. Voqea joyida 15 mingga yaqin o‘t o‘chiruvchilar va Milliy gvardiya xodimlari ishlamoqda. Kanada va Meksikadan o‘t o‘chiruvchilar ham mahalliy qutqaruvchilarga yordamga yetib kelgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda okrugda uchta o‘rmon yong‘ini davom etmoqda: Pasifik-Paliseyds (taxminan 96 kv. km ni qamrab olgan va olovning 13 foizi qurshab olingan), Iton (taxminan 57 kv. km, 27% qurshab olingan) va Hyorst (taxminan 3,2 kv. km, 89% qurshab olingan).

Cal Fire ma’lumotlariga ko‘ra, Pasifik-Paliseyds va Iton yong‘inlari Kaliforniya tarixidagi ikkinchi va to‘rtinchi halokatli yong‘inlardir. Pasifik-Paliseydsda ko‘plab Gollivud aktyorlari va mashhurlari yashaydi. Yong‘inlar tufayli model va aktrisa Peris Hilton, aktyorlar Billi Kristal, Jeymi Li Kertis, Adam Broudi, Leyton Mister va boshqalar uylaridan ayrildi.

O‘tgan hafta AQSh prezidenti Jo Bayden shtatda favqulodda holat rejimini e’lon qildi. Rasmiylar yuz minglab aholini falokat hududidan evakuatsiya qilishga chaqirdi, o‘n minglab odamlar allaqachon hududni tark etgan.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomning so‘zlariga ko‘ra, shtatdagi yong‘inlar iqtisodiy zarar va qamrov nuqtai nazaridan AQShda eng katta tabiiy ofat bo‘lishi, uning qo‘shimcha qilishicha, qurbonlar “ko‘proq” bo‘lishi mumkin.