2025-yil sentabrgacha Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 100 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilarni avtobuslar bilan maktabga qatnovi tashkil etiladi. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan joriy yilgi davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan.

Avtobuslar faoliyati autsorsing asosida tashkil etiladi. Bu uchun mablag‘ mahalliy budjet parametrlarida ta’lim sohasi uchun ajratilgan pullar doirasida ajratiladi.

Ushbu avtobuslarni tashkil etishga Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi mas’ul etib tayinlangan.

Ushbu amaliy tadbir “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga kiritilgandi.

2023-yil yozida Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka nomzod sifatida Nukusda saylovchilar bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston chekka qishloqlardan bolalarni tashish uchun maktab avtobuslari joriy qilinadigan birinchi hudud bo‘lishini aytgandi.

2021-yilda YUNISEF va IIV YHXBB maktablar yaqinidagi yo‘llar xavfsizligi bo‘yicha so‘rov o‘tkazgan. Aksariyat respondentlarning (Toshkentda — 60 foiz) maktabga olib boruvchi yo‘llarni xavfsiz emas deb hisoblashi ma’lum bo‘lgan. O‘quvchilarning katta qismi maktabga piyoda boradi.

Normal jamoat transporti yo‘lga qo‘yilmagani va o‘z avtobuslari va mikroavtobuslari yo‘qligi sababli hududlardagi maktab va bog‘chalarga bolalarni tashishda ko‘pincha Damas va yengil avtomashinalardan foydalaniladi. Ba’zi haydovchilar ularga 20 dan ortiq bolani sig‘dira olgan.