Ushbu sharh “O‘zgidromet"ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.

Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.

O‘tgan haftadagi antitsiklon ta’siridagi biroz sovuqliklar o‘rnini bu safar iliqroq havo to‘lqinlari egallaydi. O‘tgan hafta antitsiklonning janubiy qismi ta’sirida Surxondaryoning katta qismida kunduzgi vaqtlarda kuzatilgan davomli qalin tuman hodisalari janubiy viloyatda havo harorati birmuncha sovuq bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ham bu hodisa yaqqol ko‘rinib turibdi.

Manba: NASAManba: NASA

O‘zbekistonda joriy ish haftasi ob-havosini avvaliga Turkmanistondan kirib keluvchi iliq havo oqimlari belgilaydi. Payshanba-juma kunlari esa mintaqaga yuqoriroq bosimli navbatdagi atmosfera jarayoni kirib keladi va dam olish kunlari janubdan ko‘plab viloyatlarga nam havo oqimlarini chiqishiga sabab bo‘ladi. Buning natijasida mamlakatning markaziy va janubiy hududlarida, shuningdek, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, keyinroq esa vodiy viloyatlarida yog‘ingarchiliklar yuz berishi mumkin.

Hafta o‘rtalarida janubiy viloyatlarda havo harorati +15 darajagacha ko‘tarilsa-da, hafta davomida respublika bo‘ylab tunda joylarda nol daraja va ba’zi hududlarda undan ham pastroq sovuqlik bo‘lishi kutilmoqda. Aynan joriy hafta oxiri (shanba-yakshanba kunlari)ga kelib aksar hududlarda uzoq kutilgan navbatdagi yog‘ingarchiliklar yuz berishi mumkin.

Manba: Meteoinfo.ruManba: Meteoinfo.ru

Ish haftasi davomida O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida kunduzi haroratning +10 darajadan yuqori bo‘lishi, qo‘shimchasiga yog‘ingarchiliksiz quyoshli ob-havo go‘yoki bahoriy muhitni taqdim etayotgandek ko‘rinsa-da, tungi sovuq haroratlar dov-daraxtlarning “aldamchi quyosh” tafti sabab ommaviy “erta uyg‘onishi"ning oldini oladi.

Joriy hafta ob-havo sharoiti kunduzi va kechasi iliq, tongda esa biroz sovuq bo‘lishi magistral gaz quvurlaridagi bosimning kamayishi bilan bog‘liq yuklamani kamaytirib, hududlardagi metan gaz-zapravkalarining barqaror ish rejimiga o‘tishini ta’minlashi mumkin.

“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 13-yanvar kuni joylarda kunduzi iliq, kechasi sovuq harorat kuzatiladi. Havo harorati Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kunduz kuni +3…+8 daraja iliqqacha, kechasi −3…−8 daraja sovuqqacha o‘zgarib turadi, boshqa viloyatlarda +8…+13 daraja iliq, tunda — janubiy viloyatlarni hisobga olmasa — hududlarda −0…−5 daraja sovuq bo‘ladi. E’tiborga molik tomoni, shu kuni tog‘larda tunlari ham biroz iliqroq harorat kuzatilib, janubiy viloyatlar bilan birgalikda harorat -2 daraja sovuqdan +3 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi, janubda kunduzi harorat +15 darajagacha yuqori ko‘tarilishi prognoz qilingan. Hududlarda yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Tog‘lardan boshqa joylarda tuman hodisalari kuzatilishi mumkin.

Sinoptiklar 14−16-yanvar kunlari O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kutilmasligini ma’lum qilgan. Bu kunlarda shimoliy hududlarda harorat kunduzi dushanba kuniga nisbatan biroz pasaysa-da, ammo ayni qish chillasi o‘rtasi uchun bu kabi pasayish shimolliklarga xuddiki bahoriy iliqlilikni taqdim etgandek bo‘ladi. Shimolda harorat kunduzi +3…+8 daraja, boshqa hududlarda +10 daraja iliqdan +15 darajagacha o‘zgarsa, 14-yanvar kuni tunda shimolda −3…−8 daraja, Buxoro va Navoiy viloyatlarida −0…−5 daraja sovuq, boshqa hududlar, hatto tog‘larda ham -2 daraja sovuqdan +3 daraja iliq orasida o‘zgaradi. 15−16-yanvar kunlari 14-yanvarga nisbatan tunda ham, kunduzi ham harorat biroz ko‘tarilib, iliqroq ob-havo kuzatilishi mumkin.

Juma, shanba va yakshanba kunlari kunduzi havo harorati haftaning boshi va o‘rtasiga nisbatan sezilarli o‘zgarmasa-da, hududlarga nam havo oqimlari kirib kelishi sabab aholi tungi harorat ham biroz ko‘tarilayotganini his qila boshlaydi. Juma kuni yog‘ingarchilik kutilmayapti, shanba kuni ayrim hududlarda ozroq, yakshanba kuni ko‘plab hududlarda ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.

Shanba va yakshanba kunlari harorat o‘zgarishi va yog‘ingarchiliklar ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarini “O‘zgidromet"ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.

“O‘zgidromet"ning boshqa bir axboroti hamda Global kompleks prognoz тизимиning prognozlariga ko‘ra, hafta (13−18-yanvar kunlari) davomida O‘zbekistonnda shu davrga xos iqlimiy me’yordan kamroq yog‘ingarchilik tushishi va harorat rejimi bo‘yicha me’yordan yuqori, ya’ni “iliq” bo‘lishi keltirilgan. Shuningdek, joriy hafta tog‘larda havo harorati sezilarli ko‘tarilib, shunga yarasha quruq o‘tishi ham kutilyapti.

Shunday qilib, kelayotgan haftada kunduz kunlari anchayin iliq, tunda sovuqroq bo‘lishi kutilmoqda. Aholi faqat dam olish kunlariga kelibgina yog‘in-sochinli ob-havoga guvohi bo‘lishi mumkin.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

Ish kunlari atmosfera bosimining keskin o‘zgarishlari bilan bog‘liq vaziyat yuz bermasligini hisobga olsak, ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilar salomatligida jiddiy xavf yuzaga kelmaydi.

Faqat payshanba-juma kunlari (ayrim hududlarda shanba kuni ham) havo harorati kunduzi qishning eng sovuq davri uchun noodatiy ko‘tarilishi sabab aholi havoda biroz kislorod yetishmovchiligini his qilishi mumkin. Ammo hozir shundoq ham mavsumiy kislorod yetishmovchiligi kuzatilayotgan bir vaqtda (ayniqsa, yirik shaharlarda), bu kabi vaqtinchalik ta’sir salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirmaydi.

Umuman olganda, hafta davomida kutilayotgan ob-havo o‘zgarishlari kishilar salomatligiga ko‘p ham xavf tug‘diradigan kuchga ega emas.

Bioiqlimiy sharoitlar

Hafta boshida havo harorati kunduzi quyoshli va issiqroq bo‘lsa-da, uni his qilish pastligicha qoladi. Chorshanbadan boshlab esa tungi haroratning ham asta-sekin ko‘tarilishi go‘yoki bahor boshlaridagi iqlimiy muhitni taqdim etayotgandek bo‘ladi. Ammo tungi va tonggi harorat baribir +5 darajadan ancha past bo‘lgani uchun qalin kiyimlarni kiyib olishga ehtiyoj seziladi.

Hafta o‘rtalaridan havo haroratining kunduzgi vaqtlarda qariyb +15 darajaga yetishi ko‘pchilikni ustki kiyimlarni biroz yengillashtirishga undaydi. Lekin shimolliklarda bunday imkon bo‘lmaydi — shimoliy hududlar asosan sovuqligicha qoladi.

Tog‘li hududlarda havo haroratining yuqori va yog‘insiz bo‘lishi ish kunlari tog‘larga chiqmoqchi bo‘lganlar uchun qulay ob-havo muhitini hosil qilmaydi. Yakshanbaga kelib, qor bo‘ronlari bo‘lishi inobatga olinsa, tog‘lar dam oluvchilar sayohati uchun ayni muddao makonga aylanadi.

Boshqa hududlarda aholi yakshanba kuni tashqarida o‘zi bilan soyabon olib yurishi zarar qilmaydi. Chunki shu kuni aksariyat hududlarda yog‘inlar asosan suyuq (yomg‘ir) holatda bo‘lishi kutilmoqda.

Kosmik ta’sirlar

O‘zbekistonliklar hafta davomida kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan ta’sirlanmaydi. Ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasida so‘nggi ikki kunlikda chaqnashlar bilan bog‘liq juda ham sokinlikni ko‘rsatmoqda. Yer magnitosferasida ham kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lmasligini taxmin qilingan.

Manba: Xras.ruManba: Xras.ru

Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham aholi ish kunlarida salomatlikka umuman xavf tug‘dirmaydigan “yashil” darajadagi, ya’ni xavfsiz qo‘zg‘alishlar bilan ro‘baro‘ kelishi qayd etilgan. Faqat 14-yanvarda “sariq” xavfga ega 3−4 ballik magnit bo‘roni qo‘zg‘alishi mumkinligi taxmin qilingan.

Manba: Ionos.kzManba: Ionos.kz

Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Juma va shanba kunlari nam havo oqimlarining hududlarga kirib kelishidan oldin joylarda pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch hisobiga havoda ifloslanish ortishi mumkin. Seshanba-chorshanba kunlari antitsiklonal jarayonlar ham havoda mayda zarrachalarning tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltiradi.

Yakshanba kuni esa, ko‘plab hududlardagi yog‘ingarchilik kutilmalaridan kelib chiqib, ob-havo muhiti havoda ifloslanishni yuzaga kelishi uchun qulay sharoit hosil qilmaydi, deyish mumkin. Umuman hafta davomida havoning davomli yuqori ifloslanishi aynan ob-havo o‘zgarishlariga bog‘liq holda ro‘y bermaydi.

Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.

Shunday qilib, 13-yanvardan 19-yanvargacha bo‘lgan yetti kunlikda ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar dushanba, seshanba va yakshanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini nisbatan yengilroq his qilishi kutilmoqda.