Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi Toshkent shahrining Chilonzor tumani hokimi o‘rinbosari Abduhamid Abdukodirov bilan muzokaralar natijasida “Beshyog‘och” bozori o‘rnida yirik biznes markazi qurishni taklif qildi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar onlayn rejimda o‘tkazildi va unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari ham ishtirok etdi.
Hokimlik muzokaralar davom etayotganini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ng tuman hokimligining aniqlik kiritishicha, hozirda loyiha faqat muhokama bosqichida.
“Ayni vaqtda loyiha aniq amalga oshishi, uning muddatlari va qiymati haqida hech qanday rejalar yo‘q. Bunga o‘xshash takliflar yana bo‘lsa, tumanga investitsiya kiritish maqsadida hokimlik investorlar bilan uchrashishga tayyor”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Beshyog‘och” bozori hududi Furqat va Beshyog‘och ko‘chalari chorrahasida joylashgan tarixiy ansamblga tutash. To‘g‘ridan-to‘g‘ri bozor atrofida 1930-yillarda qurilgan turar joy binolari joylashgan.
Dekabrda Xitoyning Sheng Ke-International kompaniyasi “Askiya” bozorining 1,83 gektar maydondagi mulki va hududi bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqandi. Ikki qatnashchi ishtirokidagi auksion 15 daqiqa davom etgan va 225,59 milliard so‘mlik bitta stavkadan so‘ng yakunlangan. Xaridor bozor faoliyatini saqlab qolgan holda uni rekonstruksiya qilishi va uning hududida zamonaviy savdo-maishiy majmua, jumladan, maydoni kamida 3000 kv.m bo‘lgan ekobozor, 1200 kv.m bo‘lgan sovitish ombori va birinchi qavatda kamida 400 mashinaga mo‘ljallangan avtoturargoh tashkil etishi kerak bo‘ladi. Loyiha doirasida to‘rt yulduzli mehmonxona va yirik savdo markazi qurish, skameykalar, eskalatorlar, veloturargohlar, hojatxonalar va Wi-Fi zonasiga ega yashil hudud yaratish rejalashtirilgan.
Toshkent shahridagi Yunusobod bozori o‘rnida ham ekobozor, savdo markazi, ofislar, yerosti avtoturargohi, tomida restoranlar va yashil hudud mavjud bo‘lgan uch qavatli majmua qurish rejalashtirilmoqda. Prezident bozor uzluksiz ishlashi uchun qurilishni bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan.