Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi hududida chiqindilar, ayrim turdagi xavfli mahsulotlar va kimyoviy moddalar muomalasi bilan bog‘liq nazoratni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat prezidentning 2023-yil 31-maydagi qarori ijrosini ta’minlash doirasida, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan xalqaro shartnomalar talablariga muvofiq, ayrim turdagi kimyoviy moddalarni nazorat qilish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida qabul qilindi.

Hujjatga ilova qilingan ro‘yxatda keltirilgan chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun import qilishda:

  • chiqindilarni mustaqil ravishda to‘liq utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki qayta foydalanishni amalga oshiruvchi importyorlar — chiqindilarni utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki qayta foydalanish jarayonlarining atrof-muhitga ta’siri to‘g‘risidagi ariza loyihasi bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga ega bo‘lishlari shart;
  • chiqindilarni mustaqil ravishda to‘liq utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki qayta foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan importyorlar — bunday chiqindilarni topshirish yoki realizatsiya qilish bo‘yicha chiqindilarni utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzishlari shart.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • O‘zbekiston Respublikasiga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar va chiqindilar ro‘yxati;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan o‘simliklarni himoya qilish vositalari va boshqa turg‘un organik ifloslantiruvchilar ro‘yxati;
  • Import-eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim bo‘lgan xavfli mahsulotlar va chiqindilar ro‘yxati.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi:

  • chiqindilar, xavfli mahsulotlar va kimyoviy moddalar ro‘yxatlariga asosan belgilangan tartibda bojxona nazorati amalga oshirilishini;
  • chiqindilar, xavfli mahsulotlar va kimyoviy moddalarning import- eksporti to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishini ta’minlaydi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi chiqindilar, xavfli mahsulotlar va moddalar ro‘yxatlariga asosan belgilangan tartibda muvofiqlikni baholash ishlarining amalga oshirilishini ta’minlaydi, shuningdek, zarur hollarda, ushbu ro‘yxatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritib boradi.