11-yanvar kuni O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatlarini sodir etib Turkiyada yashirinib yurgan shaxs O‘zbekistonga yuborildi, deb xabar bermoqda Istanbuldagi bosh konsulxona.
Turkiya va O‘zbekiston IIV hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Istanbul shahrida qo‘lga olingan I.U. (1969 y.t.) O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. U 2015-yildan buyon avtomobil oldi-sotdi sohasida ko‘plab firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan.
Ushbu shaxsning hatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan IIV yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilish so‘raladi.
Konsulxonaning eslatishicha, jinoiy javobgarlikdan qochib xorijiy davlatlarda, shu jumladan, Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib izchil ravishda davom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi.
Shu bilan birga, keyingi vaqtlarda firibgarlik sodir etilishi holatlari yuzasidan Bosh konsulxonaga kelayotgan murojaatlar soni ortgani sababli fuqarolardan ogoh bo‘lish so‘raldi.