AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga qarshi 2020-yilda hokimiyatni ushlab qolishga urinish ishi bo‘yicha dalillar ayblov hukmini ta’minlash uchun yetarli edi. Bu haqda maxsus prokuror Jek Smitнинг ma’ruzasida so‘z boradi, deb xabar berdi New York Times.

Hokimiyatni ushlab qolishga urinish ishi

2023-yil avgust oyida Tramp 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin hokimiyatni noqonuniy saqlab qolish uchun davlatni aldash hamda rasmiy tartib-qoidalarga to‘sqinlik qilish maqsadida til biriktirganlikda ayblangan edi. Ayblov versiyasiga ko‘ra, mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, Tramp “hokimiyatda qolishga qat’iy qaror qilgan” va ovoz berish jarayonida firibgarlik haqida soxta hujjatlar tarqatgan, shuningdek, saylovning qonuniy natijalarini bekor qilishga uringan. Ayblovda ta’kidlanishicha, Trampning harakatlari uning tarafdorlarini 2021-yil 6-yanvarda Kapitoliyga bostirib kirishga undagan.

Bu Trampga qarshi qo‘yilgan jinoiy ayblovlarning eng jiddiysi bo‘lib (sobiq prezident lavozimini tark etganidan beri unga nisbatan jami to‘rtta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan), u 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin edi. Tramp o‘z aybini tan olmagan.

Jek Smitning 137 sahifali ma’ruzasi 14-yanvar kuni AQSh Kongressiga taqdim etildi. U Smit va uning jamoasi tomonidan o‘tkazilgan tergov natijalarining birinchi qismini ifodalaydi. Ikkinchi qism Trampning Florida shtatidagi qarorgohida maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlagani haqidagi ayblovlarga taalluqli. Tekshiruv davomida Smitning jamoasi 250 dan ortiq odamni so‘roq qildi va 55 dan ortiq guvohlarning ko‘rsatmalarini oldi.

Hisobotda Smit Trampni saylovlarning qonuniy natijalarini bekor qilish orqali hokimiyatni saqlab qolishga qaratilgan misli ko‘rilmagan jinoiy urinishlarda ayblab, 2020-yil noyabrdagi saylov kunidan 2021-yil 6-yanvargacha bo‘lgan davrda o‘zining taxminiy raqiblariga nisbatan zo‘ravonlikni rag‘batlantirgani uchun qoralagan.

Kapitoliyga qilingan hujum uchun mas’uliyatni Smit Trampga yukladi. Hisobotda u, xususan, tartibsizliklarda ishtirok etgan bir nechta ayblanuvchilarning ko‘rsatmalariga ishora qiladi, ular Tramp nomidan harakat qilyapman, deb o‘ylashganini aytgan.

“Agar Trampning saylanishi va uning prezidentlik lavozimiga muqarrar ravishda qaytishi bo‘lmaganida, sudda ayblov hukmini chiqarish uchun dalillar yetarli bo‘lardi”, — deyiladi hisobotda.

Smit, shuningdek, ikkita jinoiy tergov davom etayotgan bir paytda Trampning prezidentlikka nomzodini ko‘rsatishi Adliya vazirligi va sudlar uchun “misli ko‘rilmagan chaqiriq” bo‘lganini ta’kidladi.

Hisobot e’lon qilinganidan so‘ng Tramp Smitni “aqldan ozgan” deb atadi va tergov siyosiy sabablarga ko‘ra o‘tkazilganini aytdi. “Jek — men ishonchli g‘alaba qozongan saylovgacha o‘z ishini ko‘rib chiqishga erisha olmagan ahmoq”, — deb yozdi Tramp.

  • 2024-yil noyabr oyida, Donald Tramp saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng, Jek Smit AQSh Adliya vazirligi siyosati amaldagi prezidentni sudda ta’qib qilishni taqiqlagani sababli Trampning ikkita ishi bo‘yicha barcha ayblovlarni olib tashlashni so‘rab sudga murojaat qilgan. 11-yanvar kuni Smit iste’foga chiqdi.
  • Yanvar oyida Nyu York shtati sudyasi Xuan Merchan Trampga 2016-yilgi prezidentlik saylovlari arafasida pornoaktrisaga qilingan to‘lovlarni yashirish uchun hujjatlarni qalbakilashtirganlik bo‘yicha ayblov e’lon qildi va unga shartlarsiz ozodlikni tayinladi. Bunday jazo Trampning qamoq, jarima yoki sinov muddatidan ozod etilishini anglatadi, ammo u AQSh tarixida sudlangan holda lavozimga kirishgan birinchi prezident bo‘ladi.