Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Abu Dabi shahriga tashrifi doirasida BAA investitsiyalar vaziri, ADQ holdingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi yetakchi kompaniyalar delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda AD Ports Group kompaniyasi rahbari Muhammad Juma al-Shamisiy, Tadweer rahbari Ali al-Daheriy, Plenary Group rahbari Mustafo Faxur va Ducab rahbari Muhammad al-Kurashiy ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu kompaniyalar o‘z sohalarida jahon yetakchilaridan biri bo‘lib, ularning jami aktivlari 200 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

Ular bilan yuqori texnologik tarmoqlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish va investitsiya portfelini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani, xususan, investitsiyalarni ilgari surish, sanoat va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Uchrashuvda har bir kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilandi. Jumladan, infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik, energetika, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, kommunal xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar haqida so‘z yuritildi.

Innovatsion texnologiyalarni joriy etish, nodir metall konlarini o‘zlashtirish, mintaqaviy temiryo‘llarni rivojlantirish va “quruq” portlar qurish, kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini jadallashtirish, ta’lim va tibbiyot sohalarida DXSH loyihalarini ilgari surish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumot uchun, “quruq port” deganda bir yoki undan ortiq transport turlari bilan bog‘langan, qayta ishlash, vaqtincha saqlash va xalqaro savdo jarayonida tashilayotgan yuklarni qonuniy talablarga ko‘ra ko‘rikdan o‘tkazishga hamda tegishli bojxona nazorati funksiyalari va rasmiylashtirishni amalga oshirishga mo‘ljallangan logistik markazga ega joy tushuniladi.

Uchrashuv яkuniда amaliy hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.