Isroil va Falastinning HAMAS guruhi o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar “yakuniy bosqichda”, deb yozdi The Times of Israel kelishuvda vositachilik qilayotgan Qatar TIV bayonotiga tayanib.
“Biz yakuniy bosqichda ekanimizga chin dildan ishonamiz… Oxirgi oylarda tomonlar o‘rtasida katta to‘siqlar hal etilmay qolayotgandi. Bu to‘siqlar so‘nggi bir necha hafta davomida muzokaralar orqali hal qilindi”, — dedi Qatar TIV matbuot kotibi Majid al-Ansoriy seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Muzokaralarga yaqin falastinlik manbaning Reuters agentligiga aytishicha, agar “hammasi yaxshi o‘tsa”, kelishuv 14-yanvarda imzolanishi kutilmoqda. Ismini oshkor etmagan isroillik mulozimning ta’kidlashicha, kelishuvning ba’zi tafsilotlari yakunlanishi lozim.
Associated Press tanishgan uch bosqichli kelishuv loyihasiga ko‘ra, HAMAS dastlabki olti hafta ichida Isroilda asirga olingan yuzlab falastinlik ayollar va bolalar evaziga 33 nafar isroillik garovga olinganlarni, jumladan, ayollar, bolalar, qariyalar va yaradorlarni ozod qiladi. Birinchi bosqichda, shuningdek, Isroil G‘azo aholi punktlaridan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi va falastinliklarga anklav shimoliga qaytishga ruxsat beradi. Bundan tashqari, Isroil har kuni 600 ga yaqin gumanitar yuk mashinasini G‘azoga kiritishi kerak bo‘ladi.
Ikkinchi bosqich tafsilotlari birinchisini amalga oshirish jarayonida kelishib olinadi, biroq HAMAS qolgan tirik asirlarni, asosan erkaklarni falastinlik asirlar evaziga ozod qilishi, Isroil esa qo‘shinlarini G‘azodan “to‘liq olib chiqishi” kutilmoqda.
Uchinchi bosqichda HAMAS xalqaro nazorat ostida amalga oshiriladigan G‘azoni qayta qurish rejasi evaziga qolgan garovga olinganlarning jasadlarini qaytaradi.
- O‘tgan hafta AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp agar u lavozimga kirishgunga qadar isroillik garovga olinganlar qaytarilmasa, Yaqin Sharqda “haqiqiy jahannam” boshlanishi bilan tahdid qilgan edi.