Samarqandda o‘tkazilgan ikkita reyd davomida qum-shag‘al qaziyotganlar tabiatga katta miqdorda zarar yetkazgani aniqlandi, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

Xususan, Qoradaryoning Oqdaryo tumaniga tutash qismida bir guruh fuqarolar tungi soat 02:00 da noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olayotgani va holat joyiga yaqin tosh maydalash sexiga olib borilayotgani ma’lum bo‘ldi. Tabiatga 118 milliard so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 2 ta yuk tashuvchi transport vositasi jarima maydoniga joylashtirildi.

Bundan tashqari, Zarafshonning Toyloq tumaniga tutash qismida ham bir guruh fuqarolar tungi soat 04:30 da Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida 7 ta ekskavator va 25−30 ta yuk tashuvchi transport vositalaridan foydalangan holda qum-shag‘al qazib olgan. Bu holatda tabiatga 708 milliard so‘m zarar yetkazilgan.

Holat bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 3 dona yuk tashuvchi transport vositalari tegishli tartibda jarima maydoniga joylashtirildi.

Dastlabki o‘rganishlar davomida aniqlanishicha, Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida noqonuniy qazish ishlari doimiy ravishda olib borilgani sababli 7 gektar yashil maydon yo‘q bo‘lib ketgan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2024-yil 17-yanvardagi “Suv omborlarida metall bo‘lmagan materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan Chirchiq, Sirdaryo, Sanzor, Zarafshon, Norin daryolari o‘zanlarida metall bo‘lmagan materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy e’lon qilingan.

Moratoriy davrida ushbu faoliyat oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan summalar 10 barobar oshadi. Biroq mazkur choralarga qaramay daryodan qum-shag‘al qazib olish haligacha davom etmoqda.