Paynet Milliy banklararo protsessing markazi, Humo bank kartalari operatorini xarid qilganiga munosabat bildirdi.

Bir kun avval Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Humo’ning 100 foiz davlat ulushini “ochiq savdo jarayonlari” orqali uch bosqichda sotgani xabar qilingandi. Bitim summasi 65 million dollarni tashkil etgan.

Moliyachi Otabek Bakirov Paynet to‘lov xizmati ikki bank (ulardan biri — Asia Alliance Bank), endi esa Humo to‘lov tizimi bilan ham affillanganini ta’kidladi . U ushbu ikki bank boshqa 34 ta bankka nisbatan qulayroq shart-sharoitlarga ega bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirdi, Paynet esa Humo’ga yaqinligi tufayli 40 dan ortiq raqobatchilardan (Payme, Click, Uzum va boshqa to‘lov xizmatlari) ustunlikka ega bo‘ladi.

Paynet’ning ta’kidlashicha, u milliy to‘lov tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish, raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlikni yaxshilashni rag‘batlantirish maqsadida to‘lovlarning yangi shakl va usullarini joriy etishni jadallashtirish uchun ilg‘or moliyaviy va raqamli texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish yo‘lida adolatli raqobat tamoyillariga sodiq.

“Biz Humo’ning to‘lov bozorining boshqa ishtirokchilari bilan sinergiyasi nafaqat yutuqlarimizni saqlab qolish, balki oshirish, bozordagi o‘rnimizni mustahkamlash va uzoq muddatli maqsadlarimizni samarali amalga oshirish imkonini berishiga ishonchimiz komil. Biznes jarayonlarini takomillashtirish, mahsulot va xizmatlar turlarini kengaytirish, shuningdek, yangi texnologiyalarni joriy etish orqali kompaniyalar aholi va biznes uchun yanada sifatli, arzon va innovatsion yechimlarni taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — dedi Paynet bosh direktori Anvar Isomuhamedov.

Humo’ning o‘tgan yilning 9 oyidagi sof foydasi 119,3 milliard so‘mni (9,2 million dollar) tashkil qilgan. Birgina uchinchi chorakda bu ko‘rsatkich 47,5 milliard so‘mga yetgan. Butun 2024-yil uchun sof foyda 13 million dollarni tashkil qilgan bo‘lishi mumkin.

Paynet — O‘zbekistondagi eng yirik to‘lov operatorlaridan biri. O‘tgan yilning to‘qqiz oyida Paynet’ning sof foydasi 208,4 milliard so‘mdan oshdi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Bugungi kunda tizim 1500 dan ortiq tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilari uchun to‘lov imkoniyatlarini taqdim etadi, oylik foydalanuvchilar soni esa 20 milliondan oshadi.

Paynet xizmati 2005-yilda Botir Arifjonov tomonidan yaratilgan. Keyinchalik tadbirkor kompaniyani Xalq banki ko‘rinishida davlatga (60 ming dollarga, garchi aktivi 10 million dollarga baholangan bo‘lsa-da) sotishga va boshqaruvdan voz kechishga majbur bo‘lgan.

2022-yil avgust oyida Davaktiv Uzpaynet’ning 100 foiz ulushini sotuvga qo‘ygandi. Keyingi bir oy ichida potensial xaridorlardan yettita ariza kelib tushgan, biroq takliflarni qabul qilish “qo‘shimcha aniqlashtirishlar” vaji bilan keyinga qoldirilgan

Aprel oyida Paynet’ni boshqaruvchi Uzpaynet’ning ta’sischisi o‘zgargani ma’lum bo‘ldi. DABA balansidagi davlat ulushining 100 foizi New Industrial Technologies kompaniyasiga o‘tkazildi. Davaktiv o‘shanda jamoatchilikka xususiylashtirish haqida xabar bermagan.

New Industrial Technologies kompaniyasi 2019-yil aprelida davlat ro‘yxatidan o‘tgan, ustav kapitali 273,56 milliard so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda yagona egasi Mustafo Abdurahmonov bo‘lib, u, shuningdek, Asia Alliance Bank’ning asosiy aksiyadori hisoblanadigan Asia Alliance Group’ning 77,6% aksiyalariga egalik qiladi.