Toshkent prezident maktabi barqaror rivojlanish bo‘yicha Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotning “Global o‘rta maktablar” nominatsiyasida g‘olib deb topildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.
Abu-Dabidagi taqdirlash marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. U “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” xalqaro sammitida ishtirok etadi. “Davlat rahbari maktab vakillari bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi”, — deyiladi xabarda.
Toshkentdagi prezident maktabi yomg‘ir suvini yig‘ish va filtrlash orqali ichimlik suvi sifatida foydalanish tizimi loyihasi bilan mukofotga sazovor bo‘ldi.
Maktabning ikki nafar o‘quvchisi tomonidan taqdim etilgan loyihada ichimlik suvi tanqisligi mavjud bo‘lgan tumanlar va qishloqlarda foydalanilmay turgan yer uchastkalarida katta hajmdagi yomg‘ir suvlarini yig‘ish taklif etilgan. Buning uchun yopiq rezervuarlar (sisternalar) va filtrlash uskunalaridan foydalanish rejalashtirilgan bo‘lib, ular orqali suv ichimlik va turmush ehtiyojlari uchun qayta ishlanadi.
Zayed Sustainability Prize mukofoti “Global o‘rta maktablar” nominatsiyasi 2012-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, har yili dunyoning turli mintaqalaridan oltita o‘rta maktabga topshiriladi. Ushbu mukofot barqaror rivojlanish sohasida sezilarli ta’sir ko‘rsata oladigan loyihalarni taqdim etgan maktablarni rag‘batlantirishni maqsad qilgan.
Mukofotning maqsadi o‘quvchilarni innovatsion va barqaror loyihalarni amalga oshirishga rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Ushbu loyihalar sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika va suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, maktablar va mahalliy jamoalarda amalga oshiriladi.
Har bir olti mintaqaviy nominatsiya g‘oliblari o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun 150 ming dollargacha mablag‘ oladi.
Mukofot veb-saytida qayd etilishicha, 2013-yilda Global High Schools mukofoti ilk bor topshirilganidan buyon, uning sovrindorlari, jumladan, 55 mingdan ortiq o‘quvchilar, butun dunyo bo‘ylab 887 453 nafar odamning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, 7,3 million kVt/soat elektr energiya ishlab chiqarilgan, 383,2 ming litr suv tejab qolingan va SO2 chiqindilari 5719 tonnaga kamaytirilgan.