Samarqand shahrida 11-yanvar kuni 5 nafar erkak qo‘lbola usulda yasalgan alkogolli ichimlik iste’molidan halok bo‘ldi. Bu haqda Milliy telekanalining Millar dasturi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhumlarning 4 nafari uyda, 1 nafari shifoxonada vafot etgan. Ular — A.M. (1961 y.t.), D.B. (1974 y.t.), V.B. (1952 y.t.), O.T. (1985 y.t.), A.U. (1968 y.t.).

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov BP tergovga qadar tekshirish harakatlarini boshlaganini, o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot hamda kimyoviy ekspertizalar tayinlanganini ma’lum qildi.

Ushbu qo‘lbola ichimlik mahsulotlarini sotgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.