O‘zbekistonda “Kichik biznes akademiyasi” — tadbirkorlar uchun bepul kurslarni taklif etuvchi onlayn platforma ishga tushirildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga tashkilotchilar.

Loyiha ALPHA Academy biznes maktabi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida, TBC Bank hamda Payme bilan hamkorlikda yaratilgan.

“Platformada tadbirkorlar boshqaruv va biznes ko‘nikmalarini rivojlantirishlari mumkin. Kurslar kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish va moliyaviy hisobdan tortib internet orqali mijozlarni jalb qilishgacha bo‘lgan keng mavzularni qamrab oladi hamda o‘zbek va rus tillarida mavjud”, — deyiladi xabarda.

Ta’lim dasturlari ALPHA Academy metodistlari va amaliyotchi ekspertlar, shuningdek, biznes egalari va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqilgan.

Ayni paytda platformada oltita yozib olingan kurs e’lon qilingan. Birinchi uchta kurs biznesni “kulrang”dan “oq rangga” o‘tkazish, restoranni rivojlantirish va ijtimoiy tarmoqlarda do‘konni targ‘ib qilish mavzulariga bag‘ishlangan.

Kelgusida platforma rivojlantirilib, mahalliy bozorga yo‘naltirilgan yangi kurslar qo‘shilishi rejalashtirilmoqda.

Kurslarga kompyuter yoki mobil telefon orqali kirish mumkin. Undan foydalanish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kifoya.