Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matnini Prezident matbuot xizmati e’lon qildi.
“Barchamiz uchun shon-sharaf timsoliga aylangan mana shu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizni, muhtaram faxriylarimizni tabriklab, ularning sha’niga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. Sizlarning azmu shijoatingiz, el-yurtga sadoqatingiz tufayli xalqimizning tinch va osoyishta hayoti ta’minlanmoqda, mamlakatimizning mudofaa salohiyati mustahkamlanmoqda, milliy armiyamizning jangovar qobiliyati yuksalmoqda”, — deyiladi tabrik avvalida.
“Yurtimiz bo‘ylab jasorat madhiyalari yangrayotgan bugungi ulug‘ kunlarda Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan qahramon harbiylarimizning so‘nmas xotirasi oldida barchamiz hurmat bajo keltiramiz. Fursatdan foydalanib, mard va bahodir yurt posbonlarini tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiy xizmat davomida vatan himoyachilariga tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotgan ularning oila a’zolariga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, barcha qo‘shin turlari zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiya ular uchun, yoshlar uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda.
Shuningdek, tabrikda xalq bilan armiya tobora yaqin bo‘lib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bag‘ishlayotgani qayd etilgan.
“Askar va ofitserlarning professional mahorati, harbiy bilim yurtlarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, malakali harbiy kadrlar zaxirasini yaratish doimo ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy himoya qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham diqqatimiz markazida bo‘ladi”, — deyiladi tabrikda.
“Ana shu muhim vazifalarni bajarishda, hech shubhasiz, harbiy-ma’muriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Chunki, xalq bilan muloqot va maslahat asosida, uning ishtirokida amalga oshirilgan ish albatta qudratli ijobiy kuchga ega bo‘ladi”.
“Umuman, bugungi kunda barchamiz — qaysi soha yoki tarmoqda, qanday lavozimda ishlamaylik, Vatan himoyachisi bo‘lishimiz zarur. Bu talabni davrning o‘zi oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘ymoqda va xalqimiz ham bizdan aynan shuni kutmoqda”, — deyiladi tabrikda.
“Ona yurt qalqonlari, tinchlik posbonlari sharaflanadigan mana shu quvonchli kunda siz, azizlarni shonli bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan qutlayman. Barchangizga muqaddas qasamyodingizga sodiq qolib, xizmat burchingizni yuksak darajada ado etishda mustahkam sog‘liq, ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman. Jonajon vatanimiz himoyasi yo‘lida hech qachon tolmang, yutuq va zafarlar doimo sizlarga yor bo‘lsin!” — deya yakunlangan tabrik.