Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilar tomonlarga G‘azo sektorida sulh to‘g‘risidagi bitimning yakuniy loyihasini topshirdi, deb xabar berdi Reuters.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 13-yanvarga o‘tar kechasi AQSh, Qatar va Misr kabi vositachilar orqali bir yildan ortiq davom etayotgan muzokaralarda “yutuq”qa erishildi. Agentlik manbasining aytishicha, Qatar vakili tomonlarga o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish to‘g‘risidagi bitim matnini yetkazgan.

Muzokaralarda AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden va saylangan rahbar Donald Trampning elchilari, Isroilning “Mossad” va SHABAK maxsus xizmatlari rahbarlari, shuningdek, Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon al-Tani ishtirok etgani ta’kidlandi.

Isroilning yuqori martabali amaldori Reuters agentligiga agar HAMAS taklifga javob bersa, kelishuv bir necha kun ichida tuzilishi mumkinligini bildirgan. Muzokaralarga yaqin bo‘lgan Falastin rasmiysi Dohadagi ma’lumotlar “juda istiqbolli” ekanini aytdi. HAMAS muzokaralardagi oldinga siljishni tasdiqladi, deb yozmoqda Times of Israel.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS 100 ga yaqin kishini garovda ushlab turibdi. Taxminlarga ko‘ra, ularning uchdan bir qismi o‘lgan.

Isroil va HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish, isroillik garovga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, yuzlab falastinlik mahbuslarni, jumladan, terrorizm uchun hukm qilinganlarni Isroil qamoqxonalaridan ozod qilish bo‘yicha kelishuv tuzishi kutilmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, tomonlar 20-yanvar — AQSh prezidenti etib saylangan Donald Trampning inauguratsiya kunigacha kelishuvga erishmoqchi. Avvalroq u HAMASga agar u prezidentlik lavozimiga kirgunga qadar isroillik garovga olinganlar ozod qilinmasa, Yaqin Sharqni jahannamga aylantirish bilan tahdid qilgandi.

Reuters nashrining ta’kidlashicha, ikkala tomon ham o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olinganlar va mahbuslarni almashtirishga rozi. Biroq HAMAS kelishuv Isroil qo‘shinlarining G‘azodan chiqib ketishiga olib kelishini talab qilmoqda, Isroil esa HAMAS yo‘q qilinmaguncha urushni to‘xtatmasligini aytadi.