To‘ldirildi: 15-yanvar kuni yana bir ayol vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Turkiyaning Istanbul shahrida 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lbola spirtli ichimlik iste’moli oqibatida zaharlanib vafot etdi. Ularning yaqin qarindoshlari 14-yanvar kuni bu haqda Istanbuldagi bosh konsulxonaga xabar berdi.

Aniqlanishicha, ichimliklar shaharning Aksaray tumanida sotib olingan.

Vafot etgan fuqarolar asosan 35−40 yoshdagi erkaklar bo‘lib, ularning barchasida voyaga yetmagan farzandlari bor edi, ta’kidladi konsulxona.

U barcha fuqarolarni spirtli ichimliklardan tiyilishga va ehtiyotkorlikka chaqirdi. “Salomatlikka tahdid soluvchi har qanday vaziyatda zudlik bilan yaqin shifoxonaga murojaat qilishingiz va bosh konsulxona bilan bog‘lanishingiz tavsiya etiladi”, — deyiladi xabarda.

Favqulodda holatlar uchun BK telefon raqami: +905535411717.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Samarqand shahrida ham 5 nafar erkak qo‘lbola usulda yasalgan spirtli ichimlik ichish oqibatida halok bo‘lgandi. Mahsulotni sotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.