O‘zbekiston va BAA tadbirkorlari va mutasaddilari o‘rtasida yangi shartnomalar imzolandi, deya xabar qilmoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi oldidan Abu-Dabida ikki davlat rasmiylari va kompaniya rahbarlari uchrashdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, uni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

2024-yil oxirida davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 650 mln dollarga yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 337 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 114 tasi qo‘shma korxona va 223 tasi xorijiy korxonalardir.

2023-yilda O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga 1,08 mlrd dollar, 2024-yilda esa 1,5 mlrd dollardan ortiq BAA investitsiyalari o‘zlashtirildi. Tomonlar an’anaviy va muqobil energiya, kimyo sanoati, geologiya, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirmoqda.

“O‘zbekiston-BAA” investitsiya kompaniyasi tashkil etildi. Uning investitsiya portfeli bugunga kelib tibbiyot, geologiya, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida umumiy qiymati 192,5 mln dollar bo‘lgan 7 ta loyihani tashkil etmoqda. Shuningdek, 140 mln dollarlik 9 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.

баа, бизнес

Yig‘ilishda AMEA Power, Masdar, Solar Power Shine, M42, Burjeel" Holdings, IFFCO Group, TWS, Alserkal Group, Metito, AD Ports, Jetex, Emirates Group kompaniyalari bilan yana 15 ta shartnoma va bitimlar imzolandi.

Hujjatlar energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani rivojlantirish, suv ta’minoti, transport, logistika sohalarini qamrab oladi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Jetex asoschisi Adel Mardini o‘rtasida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra kompaniya davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan “Toshkent-Sharqiy” aeroportida FBO (Fixed Base Operator) shaklida davlat xususiy sherikchiligi asosida VIP va CIP mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha investitsion loyihani amalga oshiradi. Kompaniya 2020-yilda O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirgan edi.

Ushbu loyiha doirasida kichik aviatsiya sohasida ta’mirlash, sotish va saqlash xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi, shuningdek, aerotaksi va VIP taksi joriy etilishi reja qilinmoqda.