14-yanvar kuni BAAda bo‘lib o‘tayotgan “Abu Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” xalqaro sammiti doirasida O‘zbekiston va BAA o‘rtasida chet el investitsiyalari hisobiga chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi.

O‘zbekiston vazirliklari va BAAning Tadweer Group kompaniyasi bilan loyihani amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishildi.

Tadweer Group loyihasiga ko‘ra, Buxoro viloyatida 10 gektar yer maydonida qiymati 200 mln dollariga teng chiqindi yoqish zavodi quriladi va kuniga 1 500 tonna chiqindi yoqiladi. Qurilish jarayonlari 2025-yildan boshlanadi. 2027-yilda Buxoroda Navoiy viloyati uchun ham qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod ishga tushishi rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha orqali yiliga 547,5 ming tonna chiqindi termik usulda utilizatsiya qilinib, atrof-muhitga ta’siri kamayadi va 363 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, chiqindi poligonlari 50 foizga qisqartiriladi, 21 ming xonadon elektr bilan ta’minlanadi. Shuningdek, 150 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi va yiliga 350 nafar malakali mutaxassis tayyorlanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqaradigan 8 ta zavod ishga tushishi xabar qilingandi. Qurilish jarayonlari 2025-yil yanvardan boshlanib, zavodlar 2026-yil dekabrda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning 11 ta hududida XXRning China CAMC Engineering, Shanghai SUS Environment, China Everbright Group, Chengdu Environmental Group, Janubiy Koreya Respublikasining Sejin va hozir shartnoma imzolangan BAAning Tadweer Group kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 1,28 milliard dollariga teng bo‘lgan loyihalar asosida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavodlar quriladi.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga tashrifi davomida maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishgandi. Prezident bu loyihalarni namunaviy qilib, hududlarda ko‘paytirish muhimligini ta’kidlagandi.