Salim Abduvaliyev sport kurashlari assotsiatsiyasi rahbarligidan ketdi. Bu ma’lumotni Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.
U 2017-yil yanvar oyidan buyon O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi lavozimida ham ishlagan. Abduvaliyev bu lavozimdan o‘tgan yil ketgan.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev sport kurashlari assotsiatsiyasining yangi rahbari etib saylandi. U 2024-yil 16-avgust kuni O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi etib qayta saylangandi.
Salim Abduvaliyev “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Lyudvig Nobel premiyasining 2022-yilgi mukofotiga sazovor bo‘lgan.
2024-yilning mart oyida 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan tadbirkor Salim Abduvaliyev 2025-yil boshida sog‘lig‘i bilan bog‘liq holatiga ko‘ra koloniyadan ozod qilingan. OAVning qayd etishicha, 74 yoshli “Salimboy” uzoq vaqtdan beri kasal.
Salim Abduvaliyev hibsga olingani haqida 2023-yil dekabr oyida xabar berilgandi. Bu butun O‘zbekiston bo‘ylab “ko‘cha to‘dalari” va jinoiy guruhlar a’zolarini aniqlash va hibsga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar doirasida sodir bo‘lgan.
2024-yil mart oyida sud tadbirkorni Jinoyat kodeksining 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.