Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Yerevan va Vashington o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi xartiyani imzoladi. Hujjatni imzolash marosimi AQSh Davlat departamentining YouTube kanalida namoyish etildi.
“Bu Armaniston va AQSh munosabatlaridagi muhim yutuqdir. Biz strategik sheriklik bo‘yicha komissiya tuzmoqdamiz, u iqtisodiyot, mudofaa, xavfsizlik, demokratiya kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorligimizni kengaytirish uchun bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi”, — dedi Blinken hujjatga izoh berarkan.
Davlat departamenti rahbari, shuningdek, AQSh “Armaniston suverenitetini mustahkamlashni maqsad qilganini” ta’kidladi. Bundan tashqari, Armaniston “Islom davlati”ga qarshi global koalitsiyaga qo‘shiladi.
So‘nggi paytlarda Armaniston G‘arb bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda. Bu an’anaviy ravishda yaqin va ittifoqchi deb hisoblangan Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi fonida sodir bo‘lyapti. Jumladan, 2024-yilda Yerevan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) dagi ishtirokini “muzlatib qo‘ygan” va tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatgan. 9-yanvar kuni Armaniston hukumati mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
Avval ittifoqchi sifatida ko‘rilgan Rossiya va Armaniston munosabatlari 2023-yilda sezilarli darajada sovuqlashgan. Armaniston KXSHTning bir nechta tadbirlarida, jumladan, ikki mashg‘uloti va noyabr oyida Minskda bo‘lib o‘tgan tashkilot sammitida ishtirok etmagan.
Moskva tomoni Armanistonni Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilgani va AQSh bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgani uchun tanqid qilgan. Yerevan tomoni esa Rossiya Armanistonga Tog‘li Qorabog‘ mojarosida yetarlicha yordam bermaganini ta’kidlaydi.
Armaniston Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilganidan keyin Rossiya Davlat dumasi Armaniston haydovchilik guvohnomalarini mamlakat hududida tan olinishi noma’lum muddatga qoldirgandi.