Tergovchilar 15-yanvar kuni Janubiy Koreyaning hokimiyatdan chetlatilgan prezidenti Yun Sok Yolni isyonchilikda ayblab hibsga oldi, deb xabar bermoqda Yonhap. Uni so‘roq qilish uchun olib ketishdi.

Yuqori martabali amaldorlar o‘rtasidagi korrupsiyani tergov qilish boshqarmasi (CIO) ma’lumotlariga ko‘ra, Yunni hibsga olish uchun buyruq mahalliy vaqt bilan soat 10:33 da ijro etilgan. Politsiya binoga kirishni ta’minlash uchun 3000 ga yaqin xodim yubordi. U so‘roqdan so‘ng boshqarma yaqinida — Uivangdagi Seul hibsxonasida ushlab turilishi kutilmoqda. Bu amaldagi, lekin hokimiyatdan chetlatilgan davlat rahbarining qo‘lga olinishidagi ilk holatdir.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u “qon to‘kilishining oldini olish” uchun so‘roqqa o‘z ixtiyori bilan kelishga qaror qilgan. U o‘zining ta’qib qilinishini noqonuniy deb hisoblaydi.

Hibsga olish tergovchilar va Yunning tarafdorlari o‘rtasida uning qarorgohida yuz bergan, soatlab davom etgan qarama-qarshiliklardan so‘ng sodir bo‘ldi. “Ayni paytda biz uning ixtiyoriy ravishda kelishini ko‘rib chiqmayapmiz, maqsadimiz orderni ijro etishdir… Birinchi urinishdan farqli o‘laroq, ijroga faol qarshilik ko‘rsatgan xodimlar yoki Prezident xavfsizlik xizmati xodimlari yo‘q edi”, — dedi jurnalistlarga CIO rasmiysi.

  • Prezident Yun Sok Yol 3-dekabr kuni kechqurun Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday chorani muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
  • Bir necha soatdan so‘ng parlament prezident qarorini blokladi va Yun uni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Keyingi bir necha kun ichida Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi rahbari Kim Yon Xyon iste’foga chiqdi va prezident, sobiq vazir va boshqa bir qator mansabdor shaxslarga nisbatan tergov boshlandi. Ular isyon, davlatga xiyonat va o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda.
  • 14-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti ikkinchi urinishda Yunga impichmentni qo‘llab-quvvatladi. Uning prezidentlik vakolati to‘xtatilgan.
  • CIO tergovchilari 3-yanvar kuni prezident qarorgohida Yun Sok Yolni ushlashga uringan, ammo qo‘riqchilar kirishni to‘sib qo‘yganidan keyin harakat muvaffaqiyatsizlikka uchragan. 7-yanvarda Seul okrug sudi Yun Sok Yolni hibsga olish orderini uzaytirgan. CIO rahbari O Don Un Yunni hibsga olishga muvaffaqiyatsiz urinishi uchun uzr so‘ragan va ikkinchi urinishda buyruqni bajarishga va’da bergandi.