Shavkat Mirziyoyev BAAga rasmiy tashrifi doirasida 15-yanvar kuni Dubay shahrida vitse-prezident, bosh vazir Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda oliy darajadagi muzokaralar samarali bo‘lgani hamda O‘zbekiston — BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘targani yuqori baholandi.

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash kabi sohalarda faol muloqotlar va samarali hamkorlik olib borilayotgani qayd etildi.

Tomonlar yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib oldi.

O‘zbekiston yetakchisi BAAdagi sheriklar bilan sun’iy intellekt sohasida yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirdi.

Bundan tashqari, Dubayning ilg‘or yechimlarini shaharsozlik sohasiga, jumladan, Yangi Toshkentda zamonaviy infratuzilmani yaratish doirasida joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar faol muloqotni davom ettirish va amaliy sheriklikning barcha yo‘nalishlarida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.

Shu tariqa Shavkat Mirziyoyevning BAAga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi va u Toshkentga jo‘nab ketdi.