Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva boshlang‘ich va o‘rta maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni cheklovchi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda Associated Press.
Yangi qoidalarga ko‘ra, o‘quvchilar smartfonlardan faqat favqulodda va xavfli vaziyatlarda, ta’lim maqsadlarida, shuningdek, nogironligi bo‘lgan taqdirda, zarur bo‘lsa foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Cheklovlar fevral oyidan kuchga kiradi.
“Biz algoritmlarning gumanizm o‘rnini bosishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, — dedi hujjatni imzolash marosimida da Silva.
Braziliya ta’lim vazirligi o‘z bayonotida qonun “bolalar va o‘smirlarning ruhiy, jismoniy va psixologik salomatligini himoya qilishga qaratilgan”ligini ta’kidladi.
Qonun Braziliyadagi barcha siyosiy partiyalar, shuningdek, ko‘plab ota-onalar tomonidan u qadar qo‘llab-quvvatlanmadi, deb ta’kidlaydi AP.
- May oyida Braziliyaning yetakchi tahliliy markazi va Fundacao Getulio Vargas universiteti o‘z tadqiqotlarini e’lon qilgandi, unda aytilishicha, Braziliyada insonlardan ko‘ra ko‘proq smartfonlar mavjud — 258 million qurilma, 203 million aholi. Mahalliy bozor tadqiqotchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili braziliyaliklar kuniga 9 soatu 13 daqiqa vaqtini telefon ekranlariga qarab o‘tkazgan — bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.
- Braziliya maktablarda shaxsiy maqsadlarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlagan birinchi davlat emas. O‘tgan yili Niderlandiya, Fransiya (6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun) va Xitoy smartfonlarga taqiq qo‘ygan.