Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘zbekistonliklarga o‘ziga kredit ajratilishini taqiqlash huquqini beruvchi qonunni qabul qildi, deb xabar qildi parlament quyi palatasi matbuot xizmati. Hujjat Senatga yuborildi.
O‘zgartishlarga ko‘ra, “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi qonunga aholini kreditlash, ularning nomiga kreditlar olish va ushbu kredit mablag‘larini masofadan turib o‘g‘irlash ko‘rinishidagi firibgarlik jinoyatlaridan himoya qilish maqsadida o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun loyihasi dekabr oyida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotganda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev bunday o‘g‘irlik holatlari, asosan, onlayn kreditlar bilan ko‘payayotganini ta’kidlagandi. “Gazeta.uz"ning aniqlashicha, 2023-yilda 2790 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz 19 milliard so‘mlik kreditlar berilgan, joriy yilning sakkiz oyida esa 874 nafar jismoniy shaxs jabrlangan, ularga 36,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Qonunga ko‘ra, kredit olish uchun ariza berishni ixtiyoriy ravishda rad etish mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan kredit bitimlarini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrini yaratish nazarda tutilmoqda.
Ya’ni jismoniy shaxs bunday operatsiyalar bilan bog‘liq firibgarlik harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kredit byurosiga o‘z nomidan kredit shartnomasini uning ishtirokisiz yoki xabardorligisiz amalga oshirishni taqiqlash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Ushbu xizmat kredit olish yoki mijozning pul mablag‘lari bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini cheklash uchun mo‘ljallangan.
Kredit shartnomasini tuzishni taqiqlash yoki ushbu taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP, my.gov.uz) orqali elektron shaklda, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
Kredit shartnomasini tuzishni taqiqlash yoki taqiqni bekor qilish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi
Dastlab ushbu xizmatlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda pullik asosda ko‘rsatish taklif qilingan edi. Biroq hujjatni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar ushbu qoidani o‘zgartirdi — endi xizmat bepul bo‘ladi.
Reyestrni yuritish kredit byurolari zimmasiga yuklanadi, banklar va nobank kredit tashkilotlariga reyestrni tekshirmasdan mijozlar bilan bitimlar tuzish taqiqlanadi. Ya’ni potensial qarz oluvchiga kredit berishdan oldin moliya institutlari, birinchi navbatda, mavjud cheklovlarni tekshirishi va shundan keyingina kredit berish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. Agar bunday shartnoma jismoniy shaxsning xabardorligisiz tuzilsa, kredit shartnomasi bo‘yicha yuzaga keladigan huquqiy oqibatlar uchun banklar, nobank kredit tashkilotlari yoki mikromoliya tashkilotlari javobgar bo‘ladi.
Qonunda MB kredit byurolariga nisbatan qo‘llashi mumkin bo‘lgan sanksiyalar va choralar ham bayon etilgan. Huquqbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida majburiy farmoyishlar yuborish va BHMning 5000 baravari (1,875 milliard so‘mgacha) miqdorda jarima solish shular jumlasidan.
Kredit byurolarining ustav kapitali kamida 2 milliard so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 2 ta kredit byurosi faoliyat ko‘rsatmoqda. Kredit-axborot tahliliy markazi’ning ustav kapitali 12,8 milliard so‘m bo‘lib, ulushi 26 ta tijorat banki va O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasiga tegishli. “CRIF kredit axborot xizmatlari” 6 ta bank aksiyalari bilan 23,8 milliard so‘mlik ko‘rsatkichga ega.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda AQSh, Qozog‘iston, Rossiya, Singapur tajribasi o‘rganilgan. Bank xizmatlarini raqamlashtirish kredit olish imkoniyatini soddalashtirsa-da, bir vaqtning o‘zida o‘g‘irlik xavfini tug‘diradi, shu sababli xorijiy mamlakatlarda o‘ziga kredit ajratilishini taqiqlash joriy etilmoqda, dedi MB rahbari o‘rinbosari.
MB 1-yanvardan boshlab bir mijozga beriladigan bank kartalari sonini vaqtincha cheklagandi. Endi bir bankda 5 tagacha, jami esa 20 tagacha, shu jumladan, virtual va kobeydjing kartalarini (valyuta kartalaridan tashqari) olish mumkin. Agar bir yil davomida kartadan foydalanilmasa, banklar ularni bloklaydi.