Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro xalqaro narkotrafik va giyohvandlik moddalari kontrabandasida ishtirok etganlikda ayblanib sudlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi D.A. hozirda jinoyat ishining unga nisbatan qismi alohida ish yurituviga ajratib olingan shaxsning topshirig‘iga ko‘ra, Tojikistonning So‘g‘d viloyati Panjikent tumaniga borib, narkosavdogardan avvaldan 100 ming dollarga sotib olishga kelishilgan 20 kg. 747 gr. opiy moddasi uchun 20 ming dollar bergan.

So‘ngra giyohvandlik vositasini ikki davlat chegarasiga yaqin bo‘lgan joyga yetkazib berishi kerakligini aytib, O‘zbekistonga qaytgan.

Oradan bir kun o‘tib, D.A. o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan Tojikiston fuqarosi S.M. bilan aylanma yo‘llar orqali Panjikent tumaniga borgan va kelishilgan manzilga narkokurerlar yetkazib bergan 20 kg. 747 gr. opiyni qabul qilib olib, O‘zbekiston hududiga qaytib o‘tgan vaqtlarida, qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida olib borilgan tergov jarayonlarida ushbu noqonuniy ishga Urgut tumanida yashovchi J.R. ham aloqadorligi ma’lum bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi tomonidan fuqarolar D.A. va S.M. Jinoyat Kodeksining 25,273 (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish), 223 (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) va 246-moddalarida (Kontrabanda) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularning har biri 16 yil 6 oy muddatga, fuqaro J.R. esa JKning 28,25,273 va 28,246-moddalari bilan aybdor deb topilib, 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.