Toshkent shahrida ijtimoiy tarmoqlarga video olish maqsadida o‘zaro janjal uyushtirib, jamoat tartibini buzgan bloger javobgarlikka tortildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.
Qayd etilishicha, holat 11-yanvar kuni soat 12:00 atrofida Hilton mehmonxonasi oldida sodir bo‘lgan. Bloger Jasurbek Shodiyev (Jasjan) va Sadaf Saidova o‘zaro kelishib, jahldor qiz va yigit rolida jamoat joyida bir-birini haqorat qilgan va buni videoga olgan.
Keyinchalik qiz yigitga qo‘ng‘iroq qilib videoni olib tashlashni so‘ragan va bloger uni Instagram`dagi sahifasidan o‘chirib yuborgan. Ular bu bilan “jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar”ni amalga oshirgan.
13-yanvar kungi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi majlisida Shodiyev aybiga iqrorligini, qilmishidan po‘shaymon ekani, qaramog‘ida bir nafar voyaga yetmagan farzandi, nogiron ukasi borligini inobatga olib, unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan. O‘z navbatida, Saidova ham jamoat tartibini buzganini tan olgan, talaba ekani, o‘ziga xulosa chiqarganini bildirgan.
Sud Jasurbek Shodiyevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan va unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan. Jazo o‘talganidan so‘ng undan ma’muriy qamoqqa olinganlarni saqlash muassasasi foydasiga ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun BHMning 15 foizi miqdorida mablag‘ undirish belgilangan.
Shuningdek, fuqaro Sadaf Saidova ham yuqoridagi modda bo‘yicha aybdor deb topilgan va unga BHMning bir baravari (375 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bloger hojatxona qog‘ozlari uyumi ustiga chiqqan paytida mashina uning ostidan harakatlanib o‘tgani aks etgan videoni tarmoqqa joylagan, biroq yerga sochilgan hojatxona qog‘ozlarini voqea joyida qoldirib ketgan. Bloger BHMning 5 baravari miqdorida (1 mln 875 ming so‘m) jarima qo‘llangan.
2022-yilda esa u boshqa bir bloger bilan birga 15 sutkaga qamalgan. Ular odamlarni kaltaklab, shilqimlik qilgan va jamoat tartibini buzuvchi videolarni Instagram`ga joylab borgan. Jasurbek Shodiyev undan bir necha oy ilgari ham mayda bezorilik bilan 15 sutka qamoq jazosini o‘tab chiqqan.