Qozog‘iston internet portali “Sports.kz” muxbiri O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi murabbiysi Timur Kapadze bilan mamlakat futboli rivojidagi muhim qarorlar, Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga o‘tishi va Qozog‘iston futbolidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maslahatlar haqida suhbatlashdi.
Eslatib o‘tamiz, 11-yanvar kuni mashhur futbol jurnalisti Fabritsio Romano “Lans” klubi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” klubiga transfer qilinganini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonlik futbolchi APL jamoasiga 40 mln yevroga sotilgan.
“Gazeta.uz” Temur Kapadzening “Sports.kz” muxbiriga bergan qisqa intervyusi tarjimasini taqdim etadi.
— So‘nggi paytlarda O‘zbekiston futboli ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga jalb qilyapti, bu o‘sishning sababi nimada deb o‘ylaysiz?
— Avvalambor, bizning mamlakatda futbolni juda yaxshi ko‘rishadi!
— Mamlakatingizda futbol rivojlanishi uchun asosiy muhim voqea nima bo‘ldi?
— 2019-yil oxirida O‘zbekiston prezidentining mamlakat futbolini rivojlantirish to‘g‘risidagi farmoni imzolangandi. U bilan O‘zbekistonda futbolni 2030-yilgacha rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi tasdiqlangandi. O‘ylaymanki, aynan shu mamlakatimizda futbol rivojlanishi uchun eng muhim voqea bo‘ldi.
— Mantiqan, O‘zbekistonning navbatdagi yutug‘i jahon chempionatiga chiqish bo‘lishi kerak. Bu bo‘yicha mamlakat terma jamoasi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
— Ha, barchamiz o‘z terma jamoamizga, uning jahon chempionatiga chiqishiga ishonamiz, chunki imkoniyatlar yaxshi. Jamoaning guruhdagi o‘rni va umumiy salohiyati guruhdagi raqiblarini mag‘lub etish va jahon chempionatiga chiqish uchun yetarlicha katta.
— Hozir ko‘pchilik Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga o‘tishi haqida gapirmoqda. Bu siz uchun kutilmagan voqea bo‘ldimi?
— Husanovning “Man Siti”ga o‘tishi hamma uchun kutilmagan voqea bo‘ldi, chunki u eng yaxshi murabbiylardan biri boshchilik qiladigan, dunyodagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi! Ochig‘ini aytganda, biz shunday nomdor klub va murabbiy Husanovning imkoniyatlarini yuqori baholab, uni taklif qilgani uchun futbolchimizdan juda xursandmiz va faxrlanamiz.
— Qozog‘iston terma jamoasining o‘yinlarini kuzatib borasizmi?
— Albatta, kuzatib boramiz, qayg‘uramiz va unga muxlislik qilamiz!
— O‘tgan yil mamlakatimiz terma jamoasi uchun omadsiz bo‘ldi. Sizningcha, Qozog‘iston vaziyatni yaxshilash uchun hozir nima qilishi kerak?
— Rostini aytsam, adekvat baho berish uchun siz u yerda bo‘lishingiz va nima etishmayotganini, nimani va qanday yaxshilash mumkinligini yoki kerakligini tushunishingiz lozim. Lekin, umuman olganda, bu haqda gapiradigan bo‘lsak, bolalar futbolini yanada yaxshilash, yana ham ommaviylashtirish, sharoit yaratish, murabbiylar ta’limini yaxshilash kerak. Ha, bu juda ko‘p vaqtni oladi, lekin boshqa yo‘l yo‘q. Futbolni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish kerak. Terma jamoada murabbiylarga nima kerak? Tanlov, raqobat va hokazolar mavjud bo‘lishi uchun ko‘plab yaxshi darajadagi mahalliy o‘yinchilar kerak. Shunda terma jamoa kuchli bo‘ladi!
— QPLda ancha vaqt o‘ynagansiz, Qozog‘iston va O‘zbekistonda futbolga munosabat qanday farq qiladi?
— Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham futbolni yaxshi ko‘rishlariga shubham yo‘q. Lekin, menimcha, bizda futbolni rivojlantirish uchun ko‘p ishlar qilinmoqda, birinchi navbatda shart-sharoit yaratilmoqda — bu infratuzilma, sport maktablari, stadionlar, maydonlar, bazalar va hokazo.
— Chet ellik futbolchilarga qo‘yilgan limit bo‘yicha ko‘plab savollar mavjud, biroq hozir u olib tashlandi, desa ham bo‘ladi. Bu masala bo‘yicha sizning fikringiz qanday?
— Menimcha, hamma narsa me’yorda bo‘lishi va Qozog‘iston futbolini yaxshilash va rivojlantirishga xizmat qilishi kerak.
— Qozog‘iston klublaridan takliflar bo‘lganmi?
— Ha, Qozog‘iston klublaridan qiziqish bor edi, lekin men terma jamoa bilan band edim.