Qozog‘istonda korrupsionerlarning oshkora reyestri paydo bo‘ladi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi raisining birinchi o‘rinbosari Ulan Sarkulov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.
“Bu profilaktika vositasidir. Uning asosiy maqsadi jamoatchilikning qoralashi orqali jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni shakllantirishdan iborat. Reyestrga og‘ir va o‘ta og‘ir korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlangan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi. Shaxslarni reyestrga kiritish uchun qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi asos bo‘ladi”, — deya tushuntirdi Sarkulov.
Ma’lum qilinishicha, bunday shaxslarni qonuniy kuchga kirgan oqlov hukmi va sudlanganlik holati tugallangani asosida reyestrdan chiqarish mumkin bo‘ladi. Reyestr agentlik saytida joylashtiriladi.
2022-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati sohaga oid qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish loyihasini taqdim etgan edi, uning doirasida ilk bor korrupsionerlar reyestrini yaratish taklif qilingandi.
O‘z navbatida, O‘zbekistonda ham bunday reyestr uchun qonun loyihasi 2022-yil boshida ishlab chiqilgan, 2023-yilda boshqa vazirlik va idoralar tomonidan ma’qullangan. 2024-yil sentabrida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxanov korrupsionerlar reyestrining ishga tushirilishi kechiktirilganiga izoh bergandi.