O‘zbekistonda yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi jahonda mashhur bo‘lgan kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda shu orqali ularni zamonaviy ilm-fanning so‘nggi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirib borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2023-yil noyabr oyida prezident qarori bilan “Yoshlar uchun 1000 kitob” loyihasi boshlangan edi.
2024-yil davomida loyiha doirasida ilmiy-ommabop mavzulardagi dastlabki 50 ta kitob ingliz tilidan tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi.
Bu jarayonda iqtisodiyot, siyosatshunoslik, tabiiy fanlar, ekologiya, sun’iy intellekt kabi turli yo‘nalishlardan 30 dan ortiq ekspert-mutaxassis, 40 dan ziyod tarjimon, 30 ga yaqin muharrir, o‘nlab musahhih va dizaynerlar qatnashdi. Yaqin vaqt ichida ushbu kitoblarni chop etish uchun ochiq tender e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ayni vaqtda loyiha boshqaruvi uchun kontent-menejer va tashkiliy-moliyaviy masalalar bo‘yicha menejer lavozimlariga nomzodlar izlanmoqda.
Kontent-menejerning vazifalari quyidagilardan iborat:
- chop etiladigan kitoblar ro‘yxatini loyiha Ekspertlar kengashi bilan hamkorlikda shakllantirish;
- Ekspertlar kengashiga kitoblarning ro‘yxatini shakllantirish, tarjimalar va matn tahriri jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;
- tanlangan kitoblarning mualliflik huquqini qo‘lga kiritish ishlarini tashkil qilish, bunda agar zaruriyat bo‘lsa, tegishli mutaxassislar yordamidan foydalanish bo‘yicha takliflar kiritish;
- nashriyotlar, shuningdek, har bir kitobga biriktiriluvchi ekspertlar ro‘yxatini tasdiqlash uchun Ekspertlar kengashiga taklif kiritish;
- noshirlar bilan hamkorlikni rivojlantirib borish;
- nashr sifatiga mas’ullik, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya qilinayotgani ustidan doimiy nazoratni olib borish;
- Ekspertlar kengashi bilan hamkorlikda tarjima va tahrir maktabini hamda an’analarini shakllantirish va rivojlantirish;
- loyiha ofisini boshqarish;
- loyiha haqida Yoshlar ishlari agentligi, loyiha Ekspertlar kengashi va jamoatchilikka muntazam hisobot berib borish.
Kontent-menejer lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:
- oliy ma’lumot;
- sohada kamida 3 yillik uzluksiz ish staji;
- davlat tilini mukammal bilish (chet tillarini yaxshi bilish ustunlik beradi);
- yuklatilgan vazifalarni mustaqil bajara olish.
Tashkiliy-moliyaviy menejerning vazifalari esa quyidagilardan iborat:
- loyiha rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- nashrga tayyorlangan kitoblarni chop etish maqsadida tender jarayonlarini shaffof o‘tkazilishini ta’minlash;
- kitoblarni chop etish jarayonida belgilangan sifat talablariga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni olib borish;
- nashriyotlar, bosmaxonalar, tegishli mutaxassislar bilan shartnomalar tuzish jarayonini tashkil qilish hamda to‘lovlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishini nazorat qilish;
- chop etilgan kitoblar tegishli kutubxonalar, maktablar va davlat idoralariga yetib borishini tashkil etish, ularning hisobini yuritish;
- kitoblarning taqdimotlari hamda savdosini nashriyotlar bilan hamkorlikda tashkil etish;
- kitoblarning OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi targ‘ibotini yo‘lga qo‘yish;
- loyihaga homiylarni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
- faoliyati yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi, loyiha Ekspertlar kengashi va jamoatchilikka muntazam hisobot berib borish.
Tashkiliy-moliyaviy menejer lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:
- oliy ma’lumot;
- sohada kamida 3 yillik uzluksiz ish staji;
- davlat tilini mukammal bilish (chet tillarini yaxshi bilish ustunlik beradi);
- yuklatilgan vazifalarni mustaqil bajara olish.
Har ikkala lavozim nomzodlariga shinam ofisda, qulay rejimdagi ish, xorijiy davlatlarga xizmat safarlari va yuqori oylik ish haqi taklif etiladi. Tanlovda ishtirok etish istagidagi nomzodlar 1000kitobhr@gmail.com manziliga CV yuborishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda loyiha doirasida nafaqat ilmiy-ommabop, balki badiiy asarlar va bolalar kitoblari ham tarjima qilinishi rejalashtirilgan.