Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida fuqarolar yig‘ini raislari — mahalla raislarining vakolat muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi, deya xabar qilmoqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati.
Deputat Abdulla Aslanovning aytishicha, qonun loyihasi bir guruh deputatlar tashabbusi doirasida prezidentning 2023-yil 21-dekabrdagi qarori, shuningdek, prezident administratsiyasining 2024-yil 31-dekabrdagi xati asosida ishlab chiqilgan.
O‘zgartirishlarga muvofiq:
- fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddati uch yildan besh yilga o‘zgartiriladi;
- fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda bo‘shab qolgan o‘rinlarga yangi saylov o‘tkazish orqali rais besh yil muddatga saylanadi;
- Senat kengashining fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlari Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga o‘tkaziladi;
- fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasining saylovni o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlari hududiy komissiyalariga o‘tkaziladi;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarining nomi Qoraqalpog‘iston, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari sifatida o‘zgartiriladi.
Deputat Abdulla Aslanov fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining saylov mexanizmlari nuqtai nazaridan Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Xitoy, Isroil, Armaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning xorijiy tajribasi o‘rganilganini ta’kidladi.
Deputatlardan biri mahalla qo‘mitalari raislari saylovi qaysi manbalardan moliyalashtirilishini so‘radi. Abdulla Aslanov mahalla raislarining navbatdagi saylovi 2025-yilning may oyida o‘tkazilishi belgilanib, ushbu saylovni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti smetasiga kiritilganini aytdi.
Qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish uchun 134 nafar deputat uni qo‘llab-quvvatladi, 1 nafari betaraf qoldi, qarshi ovozlar bo‘lmadi.
Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilovning aytishicha, qonunda asosan texnik o‘zgartirishlar mavjud va uni istisno tariqasida birdaniga uch o‘qishda qabul qilish taklif qilingan.
“Ochiq aytishimiz kerakki, hozirda bizda oldinda 40 dan ortiq qonunimiz bor. Iloji boricha tezroq qabul qilsak, qonunlarimiz kamayib borardi”, — dedi u.
Deputatlar birinchi o‘qishdagi kabi ovoz berdi va qabul qilingan qonun Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.