“O‘ztemiryo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Fozilbek Masharipov “Afrosiyob” chipta narxlari qimmatligiga e’tiroz bildirayotgan odamlarga arzon poyezdlardan foydalanishni tavsiya qildi. U bu haqda Daryo`ga bergan intervyusida gapirdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 1-fevraldan boshlab “Afrosiyob” biletlari 20−25 foizga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” biletlari 30 foizga va yotoqli poyezdlarniki 10,5 foizga ko‘tarilishini ma’lum qilgan.

Misol uchun, Toshkent — Samarqand yo‘nalishida shu paytgacha “Afrosiyob”ning ekonom klassida 245 ming so‘mga borilgan bo‘lsa, endi buning uchun 294 ming so‘m to‘lanadi.

Jurnalist suhbat yakunida kompaniya vakilidan narxlarning oshishiga e’tiroz bildirayotgan xalqqa nima degan bo‘lishini va buni qanday qabul qilish kerakligini tushuntirishni so‘ragan.

“Birinchidan, aholimiz bu masalaga to‘g‘ri yondashishi kerak. Agar biz yo‘lovchi poyezdlarimiz narxini oshirmasak, yo‘lovchilarimiz, qo‘pol qilib aytganda, faqatgina avtotransportdan foydalanishlari mumkin bo‘lib qoladi. Chunki vagonlarimiz eskirib bo‘ladi, muddati tugaydi, mavjud poyezdlarimizning xizmat ko‘rsatish va kredit to‘lash imkoniyati bo‘lmaydi”, — dedi u

Masharipov so‘zida davom etarkan, davlatni rivojlantirish uchun hamma birga kurashayotgani va oxirigacha bu rivojlanishga xissa qo‘shish uchun narxlar ko‘tarilishidan norozi bo‘lishi kerak emasligini ta’kidlagan.

“Komfort vagonlarda yurish istagida bo‘lyapmiz barchamiz. Davlatimizni rivojlantirish uchun hammamiz birga kurashyapmiz. Demak, oxirigacha bu rivojlanishga o‘z hissamizni qo‘shish uchun, birinchidan, aholimiz bundan norozi bo‘lishi kerak emas. Ikkinchidan, baland narxli poyezdlarimizdan norozi bo‘lishsa, marhamat, bizda oddiy poyezdlarimiz ham o‘sha joyga boradi. Samarqand, Buxoro yoki Xivaga. „Afrosiyob“ poyezdimiz boradigan joyga oddiy va arzon poyezdarimiz ham boradi. Davlat tomonidan bu yildan boshlab subsidiyalanishi belgilangan. Marhamat, arzon poyezdlarimizda yurib tegishli xizmatlardan foydalanishlari mumkin”, — dedi “O‘ztemiryo‘lovchi” kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Fozilbek Masharipov.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 10-oktabrdagi prezidentning temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilishga oid qaroriga muvofiq, 2024-yil 1-yanvardan boshlab tezyurar va yuqori tezlikdagi poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun davlat tariflari boshqaruvi amaliyoti tugatilgan va ularni bozor tamoyillari asosida boshqarish mexanizmi joriy etilgan.

O‘shandan beri tariflar bir necha bor, xususan, 2023-yil 1-noyabrda, 2024-yil 20-yanvarda va 2024-yil 15-mayda ko‘tarilgandi.

O‘tgan yilning noyabr oyida ilgari zarar bilan ishlagan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 2024-yilda 30 mlrd so‘m foyda bilan chiqishi kerakligi ma’lum qilingan edi.