Davlat soliq qo‘mitasi 2025-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 4,4 mln nafardan oshganini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 76,5 foizga (1,9 mln nafarga) ko‘p hisoblanadi.
Infografika: Davlat soliq qo‘mitasi
Yil davomida sohalar kesimida o‘sish quyidagicha bo‘lgan:
- maishiy xizmatlar — 104,3 foiz (+976 ming nafar, 2025-yil 1-yanvar holatiga 1 mln 912 ming nafar);
- ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish — 94,6 foiz (+203,1 ming nafar, 417,8 ming nafar);
- axborot-kommunikatsiya — 87 foiz (+55,7 ming nafar, 119,7 ming nafar);
- ijtimoiy yo‘nalishdagi xizmatlar — 55,9 foiz (+178,2 ming nafar, 496,9 ming nafar);
- qishloq xo‘jaligi xizmatlari — 53,6 foiz (+386 ming nafar, 1 mln 106,5 ming nafar);
- sanoat xizmatlari — 49,6 foiz (+138,9 ming nafar, 418,9 ming nafar).
Qo‘mita bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilganlarning 58 foizi erkaklar, 42 foizi esa ayollar hisoblanadi.
Yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni 707,3 ming nafarni tashkil etgan. Shundan 450,5 ming nafari 2024-yilda ro‘yxatdan o‘tgan. Davlat soliq qo‘mitasi avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonda rasmiy taksi bozorining hajmi 5,89 trln so‘mga yetganini ma’lum qilgandi. Bir qatnov uchun o‘rtacha to‘lov 18 456 so‘mni tashkil qilgan. Yil davomida deyarli 320 mln safar amalga oshirilgan bo‘lib, ularning 23,7 foizi karta orqali to‘langan.
Hududlar kesimida eng ko‘p o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar Samarqand viloyatida (508,1 ming nafar) ro‘yxatdan o‘tgan.