O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi 2024-yilda davlat va xususiy sektor bo‘yicha mamlakatdagi eng ko‘p soliq to‘lagan top-10 korxonani e’lon qildi.
Yil davomida 949 ta yirik soliq to‘lovchi salkam 123,3 trln so‘m soliq to‘lagan. Shundan 70,25 trln so‘mi davlat ulushi mavjud bo‘lgan 10 ta yirik soliq to‘lovchi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Davlat ulushi mavjud bo‘lgan eng yirik top-10 soliq to‘lovchi
Eng ko‘p soliq to‘lash bo‘yicha o‘ntalik yetakchisi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” bo‘ldi — 35,5 trln so‘m.
Keyingi o‘rinlarni “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” (10,8 trln so‘m), uran ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi “Navoiyuran” (4,6 trln so‘m), “O‘zbekneftgaz” neft-gaz kompaniyasi (4,19 trln so‘m), aholi va tadbirkorlarni gaz bilan ta’minlovchi “Xududgazta’minot” (4 trln so‘mdan ortiq), davlatning gaz importchisi va eksportchisi hisoblangan UzGasTrade (3,87 trln so‘m) egalladi.
Davlat ulushi mavjud bo‘lgan yirik soliq to‘lovchilar orasida yettinchidan o‘ninchigacha bo‘lgan o‘rinlarni UzAuto Motors (3,37 trln so‘m), “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” (1,43 trln so‘m), O‘zbekiston Milliy banki (NBU — 1,43 trln so‘m) va “O‘zbektelekom” telekommunikatsiya kompaniyasi (11 trln so‘m) egalladi.
Top-10 xususiy soliq to‘lovchilar
Xususiy sektordagi 10 ta yirik soliq to‘lovchi tomonidan 2024-yilda 8,68 trln so‘m to‘langan.
Bu o‘ntalikdan UZBAT qo‘shma korxonasi doimiy ravishda birinchi o‘rinni egallab keladi (2024-yilda korxona 2,94 trln so‘m soliq to‘lagan). U 1994-yildan buyon tamaki mahsulotlari va tarkibida nikotin bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Ikkinchi o‘rinni yana bir tamaki bilan bog‘liq korxona — Tashkent Tobacco egalladi (u bir yilda 1 trln so‘mdan ortiq soliq to‘lagan.
Keyingi o‘rinda turli murakkablikdagi sanoat va texnologik obyektlarni qurishga ixtisoslashgan Enter Engineering kompaniyasi (844,4 mlrd so‘m) joylashgan. U mamlakatdagi deyarli barcha yirik loyihalarda pudratchi sifatida ishtirok etadi.
Beshinchi o‘rinni salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchisi hisoblangan Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan (634,2 mlrd so‘m), oltinchi o‘rinni “Kapitalbank” (610,3 mlrd so‘m) egalladi.
Yettinchi o‘ringa Beeline mobil aloqa operatori joylashdi (576,6 mlrd so‘m).
Keyingi o‘rinda yana bir bank — Hamkorbank turibdi (539,9 mlrd so‘m).
International Beverages Tashkent (Pepsi va boshqa ichimliklar ishlab chiqaruvchisi) to‘qqizinchi o‘rinni egalladi (342,8 mlrd so‘m).
O‘zbekistonda Kia, Chery, Haval va Hyundai Truck & Bus avtomobillarini yig‘ish hamda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ADM Jizzakh avtokonserni 336 mlrd so‘m bilan 10-o‘rinni egalladi.
2023-yilning 11 oylik ma’lumotlari bilan solishtirganda neft-servis kompaniyasi Eriell va neft-gaz kompaniyasi Sanoat Energetika Guruhi xususiy sektordagi eng yirik 10 ta soliq to‘lovchilar qatoridan tushib qolgan. Davlat sektoridagi korxonalar ro‘yxatidan esa “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Issiqlik elektr stansiyalari” tushib qolgan.