15-yanvar kuni “Toshshahartransxizmat” AJda o‘tgan matbuot anjumanida tashkilot rahbari o‘rinbosari Rustam Shamuradov va Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov Toshkentga olib kelinadigan yangi avtobuslar bilan bog‘liq rejalar haqida ma’lumot berdi. “Gazeta.uz” tadbirni jonli tarzda YouTube`da e’lon qildi.
Shahar transport boshqarmasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda Toshkent shahrida yana 1000 ta avtobus xaridi uchun ehtiyoj bor. Avvalroq, Transport vaziri Ilhom Mahkamov prezident topshirig‘i bilan 2025-yilda qo‘shimcha 1000 ta avtobus xarid qilish rejalashtirilayotganini aytgandi. Yangi avtobuslar joylashtiriladigan yo‘nalishlar ham chizilgan. Bahor oylarida ulardan 200 ta elektrobus keltirilishi rejalashtirilgan.
“2023-yilda bizga 164 ta yo‘nalish yetarli deb o‘ylardik. Hozirgi kunda harakatlanayotgan aholining 35 foizini jamoat transporti bilan qamrab olganmiz. Bizda yana 1000 ta avtobus olishga ehtiyojimiz bor ekan. Hozirgi kunda 200 ta elektrobus (sotib olish) bo‘yicha tanlov masalalari ishlari ketyapti. Aprel-may oylarida ularni olib kelish masalasini joyiga qo‘yamiz”, — dedi Mirakbar Ikramov.
Avtobuslar yetkazilgach, 32 ta yangi yo‘nalish ochish ehtiyoji kelib chiqadi. Hozirgi kunda Toshkentning chetidan shaharga keluvchilarning soni 1,5 mln nafardan oshgan. Bunda Toshkentning chetini ham nazarga olishimiz kerak, deya qo‘shimcha qildi u.
“Toshshahartransxizmat” vakilining aytishicha, shahar maydoni, aholisi, har yuz ming aholiga to‘g‘ri keladigan avtobuslar soni analizidan kelib chiqib, Toshkent shahrida 3000 ta avtobus bo‘lsa yetarli bo‘ladi. Hozir AJ tasarrufida 1847 ta avtobus bo‘lsa, kunlik ishga chiqayotgan avtobuslar soni 1557 taga teng.
Mirakbar Ikramov avtobus olib kelingani bilan ish bitib qolmasligi, transportni quvvatlash, uning elektr-energiyasi, gaz zapravkasi, garaji kabi infratuzilma muammolari borligini ta’kidladi. Yangi avtobuslari olib kelinadigan bo‘lsa, yana kamida 3 ta avtobus saroyi qurishga zarurat bo‘ladi. Hozirda “Toshshahartransxizmat” tasarrufida 8 ta avtobus saroyi bor. Avval Isuzu kabi kichik hajmdagi avtobuslar harakatlangani hisobiga 2 ming 300 tadan ortiq avtobuslar saroylarga sig‘ardi. Hozir ularning hajmi kattalashgach, unga 1800, uzog‘i bilan 2 mingta avtobus sig‘dira olamiz, deya tushuntirdi u.