“Toshshahartransxizmat” AJ avtobus boshqaruvchi ayol haydovchilar sonini oshirishni reja qilmoqda. Bu haqda 15-yanvar kuni “Toshshahartransxizmat” AJda o‘tgan matbuot anjumanida tashkilot rahbari o‘rinbosari Rustam Shamuradov va Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov aytib o‘tdi. Tadbir “Gazeta.uz”ning YouTube kanalida jonli efirga uzatildi.

Hozirgi kunda “Toshshahartransxizmat” AJdagi avtobus haydovchilari orasida 2 nafar ayol haydovchilar bor. Ular 67- hamda 51-sonli avtobus yo‘nalishida ishlaydi. Tashkilot 2 nafar ayol haydovchi bilan cheklanib qolmasligini ma’lum qildi.

“Biz bu yo‘nalishda to‘xtab qolganimiz yo‘q. Ayol haydovchilarni jalb etish masalasi ustida bosh qotiryapmiz. Ularning sonini ko‘paytirish rejamiz bor. Bunga gender tengligi masalasidan tashqari, ularning xarakterini ko‘rish imkonimiz bor bizda. Ayollar transportni tartibli boshqarishini ko‘rdik”, — dedi Transport boshqarmasi rahbari.

Hozir ishlayotgan ikki nafar ayolning avtobusni boshqarish sifati tashkilotga yoqqan. Ular kamroq qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yishadi, yo‘lda telefondan foydalanmaydi. Qolaversa, aytilgan vaqtda ishga chiqadi, aytilgan vaqtda qaytadi", — dedi “Toshshahartransxizmat” vakili.

Aytilishicha, tashkilot hozir “D”, “E” toifadagi haydovchilik guvohnomasi bor ayollarni ishga olish niyatida. Loyihalarimizga ko‘ra, 2025-yilning o‘zida 500 nafar ayollarni haydovchilikka tayyorlab, 200 ta avtobusda ishlatish rejamiz bor, dedi Rustam Shamuradov.