24-dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumani sudi qizni urib ketib o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga nisbatan hukm chiqardi. “Gazeta.uz” sud qarorini o‘rgandi.
Sentabr oyida Samarqand Darvoza ko‘chasida Gentra (Lacetti) haydovchisi katta tezlikda harakatlanib, piyodalar o‘tish joyida 19 yoshli qizni urib yuborgandi. Marhumning otasi va voqea guvohining xabar berishicha, haydovchi uning mashinasi “murda tashuvchi emas”ligini aytib, uni kasalxonaga olib borishdan bosh tortgan. Qizning yaqinlaridan biri bunday YTHlarda avtomobillarni musodara qilishni taklif qilgan.
“Farishtaday qizimning boshini yedi. Insof, vijdoni yo‘q ekan. Ota-onasi ta’ziyaga kelib, bir og‘iz ko‘ngil so‘ramadi. Yigit ozodlikda yurganmish… O‘sha yerdagi bitta, ikkitasi aytdi, u „mashinam trupovozka emas“ deb aytgan emish. G‘alati gapirgan-da, uning nima haqqi bor? Ertaga o‘zining o‘ligi ko‘chada xor bo‘lsin… Qizim 19 yoshda edi, avgust oxirida tug‘ilgan kunini o‘tkazgan edik… [Olamdan] o‘tganini hali ham anglaganim yo‘q. Ukasi gapira olmayapti. Singlisi ikki-uch kundan beri ovqatlangani yo‘q, majburlab ovqatlantiryapmiz. Uyda onam, yana uchta farzandim va ayolim bor. 5 kishini tinchlantirib, uxlatgunimcha bomdodga azon aytyapti… U ayb qildimi, jazo olishi shart… Yana o‘tib, [yordam berish o‘rniga] chekishiga balo bormi”, — degandi o‘shanda marhumning otasi Akmal Sulaymonov.
Ish materiallariga ko‘ra, 28 yoshli Murodilla Zabixullayev tanishi nomiga rasmiylashtirilgan Lacetti avtomashinasini ishonchnoma orqali boshqargan. Qayd etilishicha, 18-sentabr kuni u 50 va 30 km/soat tezlikni cheklovchi yo‘l belgilari talablariga rioya qilmagan, shuningdek, Yo‘l harakati qoidalarining bir qator bandlarini buzgan, jumladan, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan.
Chorrahaga katta tezlikda yaqinlashayotganda (belgilangan chegaraga qaramay, 112,7 km/soat tezlikda) to‘xtab turgan Matiz’ni aylanib o‘tishga urinib, yo‘nalishini o‘zgartirgan. Ayblanuvchi piyodalar o‘tish joyida yo‘lni kesib o‘tayotgan qizni urib yuborgan. U olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.
Sud majlisida sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, voqea sodir bo‘lgan vaqtda avtomobil boshqaruvini yo‘qotib qo‘ygani haqida ko‘rsatma berdi. Uning tushuntirishicha, u Matiz’ni ko‘rib, to‘xtamoqchi bo‘lgan, biroq g‘ildiraklari sirpanchiq yerda nosozlikka uchrab, mashina qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketgan va u yerda piyodani urib ketgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuvdan keyin u mashinadan tushib, hushsiz yotgan jabrlanuvchining oldiga yugurgan. U birinchi yordam ko‘rsatishga harakat qilgan, shundan so‘ng voqea joyiga tez yordam chaqirgan. Uning aytishicha, bu vaqtda atrofga notanish odamlar to‘plana boshlagan, ulardan biri piyodani kasalxonaga olib borishni taklif qilgan. Haydovchi shok holatida bo‘lgani va mashinani boshqara olmasligini tushuntirib, atrofdagilardan transporti borlardan qizni kasalxonaga olib borishini so‘ragan.
Zabixullayevga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari keyingi qonunbuzarliklarning oldini olmoqchi bo‘lib, marhumning otasi va yaqinlariga qizini urib yuborgan haydovchi voqea joyidan qochib ketganini aytib, yolg‘on gapirgan. Haydovchi qilmishidan pushaymonligini bildirib, bunday hodisalar boshqa takrorlanmasligiga ishontirdi. U suddan jazoni qisqartirishni so‘radi.
Erkak, shuningdek, o‘sha paytda qizning og‘zidan qon oqib chiqa boshlaganini va u nafas olishni to‘xtatganini ta’kidladi. Keyinroq, haydovchining so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot xodimlari oilaviy poliklinikadan chiqib, uning vafot etgani haqida xabar bergan.
Marhumning otasi Akmal Sulaymonov suddan ayblanuvchidan oilasiga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zarar uchun tovon undirishni, shuningdek, avtotransport vositalarini boshqarish huquqidan bir umrga mahrum qilishni so‘radi. Shuningdek, u Zabixullayevga qonunda belgilangan eng qattiq jazoni berishni so‘radi.
Oldinroq voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lganidan keyin qiz bir muddat tirik bo‘lgan, haydovchi uni kasalxonaga olib borishdan bosh tortgan. Tez yordam kelguniga qadar u vafot etgan. “Haydovchi qizni urib yuborgandan so‘ng mashinasidan tushdi-da, „o‘likni mashinamga ortmayman“, dedi. Haydovchida afsuslanish ham yo‘q edi. Agar u zudlik bilan yordam berganda, balki qiz tirik qolarmidi”, — degandi guvohlardan biri.
Biroq sud majlisida guvohlardan biri haydovchining qizni tashishdan bosh tortganini eshitmaganini aytdi. Guvoh haydovchi aytgan Matiz’ni ham ko‘rmaganini ta’kidladi.
Yana bir guvohning aytishicha, o‘sha kuni u yo‘l chetida hushsiz yotgan piyodani ko‘rgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin atrofda haydovchi yordam so‘rab baqirayotgan bo‘lgan. U jabrlanuvchiga yaqinlashib, o‘ng qo‘lidagi pulsni tekshirgan va yo‘qligini aniqlagan. Ayol birinchi yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lgan, biroq qizning og‘zidan qon oqib chiqa boshlagan, shundan so‘ng u ikki marta xirillab, vafot etgan.
Guvohning qayd etishicha, og‘ir tan jarohatlari tufayli jabrlanuvchini qimirlatib bo‘lmagan, shuning uchun u atrofidagilardan unga tegmaslikni va tez yordam kelishini kutishni so‘ragan. Ayol jasadni choyshab bilan yopgan va mahalliy klinika xodimi bilan birga notanish odamlarni voqea joyiga yaqinlashtirmagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u haydovchining: “O‘likni mashinamga ortmayman va qizga yordam bermayman” deganini eshitmagan, deyiladi sud qarorida.
Sudya Xasan Ochilov Murodilla Zabixullayevni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalarida harakatlanish yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish / muayyan huquqlardan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan aybdor deb topdi va 3 yil muddatga avtomashinani boshqarish huquqidan mahrum qilib, 4 yil qamoq jazosini belgiladi.
Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (Takroran yoki xavfli takroran sodir etilgan o‘g‘irlik) bo‘yicha o‘talmagan jazoni inobatga olib, sud Z.Zabixullayevga 6 yil 24 sutkaga ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy rejimli koloniyada o‘tashni tayinladi.
Qayd etilishicha, u 2023-yil avgust oyida Toshkent viloyatida fuqarolarning ot va qoramollarini o‘g‘irlagani uchun 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Ammo Jinoyat kodeksining 72-moddasini (shartli jazo) qo‘llagan holda jazo 3 yil sinov muddatiga o‘zgartirilgan.