Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev ishdan olindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari matbuot kotibining ma’lum qilishicha, yig‘ilishda ayrim tuman hokimlari investitsiya va eksport masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygani qayd etildi.
Xususan, hududida investitsiyalarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlardagi faoliyatda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi.
Bundan tashqari, 2024-yili Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa, Shovot tumanlarida investitsiya 15 mln dollarga ham yetmagan. Romitan, Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi, Narpay, Nurobod va Guliston tumanlari, Ohangaron shahrida eksport kamaygan. Ushbu 16 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.
Yanvar oyi boshida Mahmudaliyevning boshqa ishga o‘tishi va o‘rniga yangi hokim tayinlanishi haqida xabarlar tarqalgandi. Hokimlik esa buni rad etgandi.
Akmaljon Mahmudaliyev 1974-yilda tug‘ilgan. U 1995-yilda Samarqand kooperativ institutining buxgalteriya hisobi fakultetini, 2005-yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutining don va don mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi fakultetini tamomlagan.
2009−2013-yillarda Davlat don inspeksiyasi Farg‘ona hududiy bo‘limi bosh davlat don inspektori, 2013-yildan 2018-yilgacha Davlat don inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
2018-yildan 2022-yilning mayigacha Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimi, o‘sha yilning mayidan noyabrigacha Navoiy viloyati hokimining o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan.
Mahmudaliyev 2022-yilning noyabrida mazkur lavozimdagi G‘ofirjon Mirzayevning o‘rnini egallagandi. U esa prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan.