14-yanvar kuni IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov va Estoniyaning Bolt kompaniyasi jamoatchilik va davlat organlari bilan aloqalar bo‘limi rahbari Yuliya Malich o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik istiqbollari, O‘zbekistonda startaplar ekspertizasini oshirish va texnologiyalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Bolt Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonni o‘rganmoqda. Kompaniya davlat organlari, Raqamli rivojlanish vazirligi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor, deyiladi xabarda.

IT Park vakillari Bolt dasturiy ta’minotini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston IT iste’dodlarini jalb qilish, shuningdek, mamlakatda potensial bek-ofisni ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Xususan, Farhod Ibragimov faoliyat yuritish uchun zarur resurslar, jumladan, xodimlarni tanlashda yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, Yuliya Malich O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan bozoriga qiziqish bildirib, kompaniya uchun ushbu mintaqa ustuvor ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

bolt, it park, yetkazib berish, такси

“Aholining tez o‘sishi, yosh mutaxassislarning ko‘pligi va raqamli texnologiyalarning faol rivojlanishi O‘zbekistonni yangi investitsiyalar va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish uchun jozibador qilmoqda”, — dedi u.

Uchrashuv davomida qo‘shma tadbirlar, xususan, Bolt mutaxassislari o‘z tajribalarini bo‘lishadigan o‘quv mahorat darslarini o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi. Kompaniyaning O‘zbekistonga faol jalb etilishi va ekspertizasi mahalliy startaplar va texnologik kompaniyalarni rivojlantirish, ularning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Bolt super ilova bo‘lib, u yo‘lovchi tashish, yetkazib berish, shuningdek, avtomobil, elektrosamokat va velosipedlar ijarasi bilan shug‘ullanadi. Uning xizmatlaridan Yevropa va Afrikaning 50 dan ortiq mamlakatidagi (600 dan ortiq shahar) 200 milliondan ziyod mijoz foydalanadi.

Kompaniya 2013-yilda Estoniyaning Tallin shahrida ta’sis etilgan va dastlab Taxify nomi bilan mashhur bo‘lgan. 2019-yilda u nomini Bolt`ga o‘zgartirgan.