16-yanvar kuni Buyuk Britaniya va Ukraina Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning Kiyevga tashrifi chog‘ida 100 yil muddatga siyosiy hamkorlik, erkin savdo va strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi, deb yozmoqda RBK Ukraina.
Hujjat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, Ukrainaning NATOga a’zoligi bo‘yicha konsensusga erishish, iqlim va toza energiyaga o‘tish, iqtisodiy va savdo hamkorligi, energetika sohasidagi hamkorlik, odil sudlov, fan sohasidagi hamkorlik va boshqalardan iborat 10 ta bandni o‘z ichiga oladi. O‘z navbatida, u Boltiq, Qora va Azov dengizlarida xavfsizlikni kuchaytirish uchun yangi tuzilma orqali mamlakatlarning harbiy hamkorligiga hissa qo‘shadi.
Starmer, shuningdek, 2025-yilda Buyuk Britaniya Ukrainaga Daniya tomonidan moliyalashtirilgan yangi mobil havo hujumidan mudofaa tizimini yetkazib berishini va ukrainalik harbiylarni o‘qitishni davom ettirishini bildirdi. Qariyb uch yil ichida Buyuk Britaniyada Ukrainadan 50 mingdan ortiq harbiy xizmatchi tayyorgarlikdan o‘tdi.
Bundan tashqari, Starmerning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya Ukrainaga harbiy yordam uchun allaqachon uch milliard funt sterling ajratgan va muzlatilgan Rossiya aktivlari bo‘yicha foizlar hisobidan qoplanadigan 2,2 milliard funt sterling kredit taqdim etishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, London Kiyevga 150 ta artilleriya stvolini beradi, deya qo‘shimcha qildi Starmer.
Starmerning Kiyevga tashrifi uning Ukrainaga bosh vazir sifatida birinchi tashrifi bo‘ldi. Starmer Ukraina poytaxtida bo‘lganida, Rossiya qo‘shinlari Kiyevga dronlar bilan hujum qildi. Shahar meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, Solomenskiy tumanida uchuvchisiz uchish apparatlaridan birining parchasi qulab, yengil avtomobilga zarar yetkazgan, Dnepr tumanida esa bino fasadining shikastlanishi aniqlangan, ammo hujum oqibatida jabrlanganlar yo‘q.